Qaysi toifadagi pensionerlarga kommunal to‘lov bo‘yicha kompensatsiya to‘lanadi?
Pensionerlarga kommunal to‘lov bo‘yicha kompensatsiya pul to‘lovlari to‘lab berilar ekan. U kimlar (qaysi toifa pensionerlar)ga to‘lab beriladi?
A.Eshonqulov,
Ishtixon tumani.
Ushbu savolga Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi viloyat boshqarmasi pensiya, nafaqa va boshqa to‘lovlarni moliyalashtirish shu’basi mudiri J.Muzrobov javob berdi:
- Uy-joy-kommunal xizmatlar haqini to‘lash bo‘yicha kompensatsiya pul to‘lovlarining mexanizmi to‘g‘risidagi Nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi Moliya vazirining 2015 yil 4 maydagi 38-sonli buyrug‘i bilan bir guruh pensionerlarga kompensatsiya pul to‘lovi to‘lab beriladi. Ya’ni, quyidagilar pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 45 foizi bo‘yicha oylik kompensatsiya pul to‘lovlari oluvchilar hisoblanadi:
- 1941-1945 yillardagi urush nogironlari va qatnashchilariga tenglashtirilgan shaxslar;
- Sovet Ittifoqi Qahramonlari, Sotsialistik Mehnat Qahramonlari va “Slava” ordenining uchala darajasi bilan mukofotlangan shaxslar;
- fashist konslagerlarining sobiq voyaga yetmagan mahbuslari;
- Leningrad shahri qamali davrida ishlagan fuqarolar;
- ko‘rish qobiliyati bo‘yicha I gurux nogironlari;
- Chernobil halokati oqibatidan jabrlangan fuqarolar;
- Yadro poligonlari va boshqa radiatsiya-yadro ob’yektlarida harbiy xizmatni o‘tagan pensiya yoshidagi shaxslar.
Shu bilan birga:
- 1941-1945 yillardagi urush nogironlari va qatnashchilari, ularga tenglashtirilganlardan tashqari, pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 50 foizi miqdorida;
- Ikkinchi jahon urushi davridagi mehnat fronti qatnashchilariga pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 25 foiz miqdorida to‘lab beriladi.