Ishdan bo‘shatilgan fuqaroning nafaqasi undirib berildi
Narpay tumani adliya bo‘limiga tumanning “Ahillik” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi fuqaro S.X. murojaat qilib, ishdan bo‘shatish nafaqasini undirishda yordam so‘ragan.
Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro Narpay tuman mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limida bosh mutaxassis vazifasida ishlab kelgan va 2022 yilning 27 aprelida u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan. Biroq fuqaroga ishdan bo‘shatish nafaqasi to‘lab berilmagan.
Adliya bo‘limi murojaat yuzasidan o‘rganish ishlarini olib bordi. Aniqlanishicha, S.X. bilan tuzilgan mehnat shartnomasi viloyat mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasining joriy yil 29 apreldagi 163-son buyrug‘iga ko‘ra, Mehnat kodeksining 100-moddasi 2-qismi 2-bandiga asosan bekor qilingan. Ammo mehnat shartnomasi bekor qilinishi munosabati bilan fuqaroga ishdan bo‘shatish nafaqasi to‘lab berilmagan.
Mehnat kodeksining 109-moddasi birinchi qismiga binoan mehnat shartnomasi ish beruvchining tashabbusi bilan, taraflar ixtiyoriga bog‘liq bo‘lmagan, xodim harbiy yoki muqobil xizmatga chaqirilgan taqdirda, ishga qabul qilish yuzasidan belgilangan qoidalar buzilganligi munosabati bilan, agar yo‘l qo‘yilgan qoidabuzarlikni bartaraf etishning imkoni bo‘lmasa va u ishni davom ettirishga to‘sqinlik qiladigan hollarda bekor qilinganda ishdan bo‘shatish nafaqasi to‘lanadi. Ishga qabul qilish yuzasidan belgilangan qoidalar xodimning aybi bilan buzilgan hollar bunda inobatga olinmaydi.
Agar xodim bilan mehnat shartnomasi u yangi mehnat shartlari asosida ishlashni davom ettirishni rad etganligi sababli bekor qilinsa, xodimga o‘rtacha oylik ish haqidan kam bo‘lmagan miqdorda ishdan bo‘shatish nafaqasi to‘lanadi.
Yuqoridagilarga asosan Narpay tumani adliya bo‘limi tomonidan tuman mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limiga taqdimnoma kiritilib, S.X.ga mehnat shartnomasi bekor qilinishi munosabati bilan o‘rtacha oylik ish haqidan kam bo‘lmagan miqdorda jami 2 625 550 so‘m ishdan bo‘shatish nafaqasi to‘lab berishilishi ta’minlandi.