Qimmatbaho toshlar hamda qadimiy tanga savdosi bilan shug‘ullangan jinoiy guruh fosh etildi

Qimmatbaho toshlar va qadimiy tilla tangalarni O‘zbekiston hududiga noqonuniy ravishda olib kirish va sotish faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan jinoiy guruh fosh etildi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi. 

O‘tkazilgan tezkor tadbirda avvaldan kuzatuvga olingan 5 nafar fuqaro Chilonzor tumanidagi xonadonlardan birida muqaddam Afg‘onistondan olib kelingan 2 kilogramm 531 gramm og‘irlikdagi “zumrad” qimmatbaho toshlarini 500 ming dollarga, shuningdek, 8 gramm og‘irlikdagi milodiy III asrga mansub, Kushon davlatida zarb qilingan 1 dona qadimiy tilla tangani 10 ming dollarga sotayotgan vaqtida to‘xtatib qolindi.

Shuningdek, ushbu shaxslardan birining hamyonida 3 dona “olmos” toshlari borligi ham aniqlandi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur holatda olib qo‘yilgan qimmatbaho toshlar va qadimiy tilla tanganing umumiy qiymati jami 16 milliard 818 million so‘mni tashkil qildi.