Qirg‘iziston delegatsiyasi chegara bo‘yicha muzokaralar uchun Tojikistonga keldi

Bugun Qirg‘iziston delegatsiyasi chegarani delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘yicha Tojikiston-Qirg‘iziston hukumatlararo komissiya yig‘ilishida ishtirok etish uchun Dushanbega keldi, deb xabar qildi Tojikistonning So‘g‘d viloyati ma’muriyati matbuot markazi.

“To‘rt kun davom etadigan muzokaralar mavzusi umumiy davlat chegarasini belgilash (demarkatsiya qilish) bo‘ladi”, deyiladi matbuot xizmati xabarida.

Ikki davlat o‘rtasidagi aniqlanmagan hududlar vaqti-vaqti bilan to‘qnashuv zonasiga aylanadi. Tojik-qirg‘iz chegarasida oxirgi marta vaziyat 14-16 sentyabr kunlari keskinlashgan edi. Qirg‘iziston tomoni to‘qnashuvlar natijasida 63 nafar o‘z fuqarolari halok bo‘lgan va 198 nafari jarohatlanganini, Tojikiston 41 kishi halok bo‘lgani va 30 kishi yaralanganini ma’lum qildi.