Qishda kasal bo‘lmang, iltimos!..

Samarqand tumaniga shahardan avtobusda o‘n daqiqada yetib borish mumkin. Ammo shahar markaziga juda yaqin bo‘lsa-da tuman ahlining shahardagi kabi yashashi uchun hozircha muammolar ko‘p. Eng katta muammo gaz masalasi. Tuman markazi va unga yondosh ko‘plab hududlarda mana 20 yildirki gaz yo‘q. Biz ham tumanga borarkanmiz haydovchi yo‘l-yo‘lakay bunday yashashga allaqachon ko‘nikib ketganini aytdi. 

- Gaz ballonni to‘ldirib kelamiz, shunga mo‘ljallangan pechka qo‘yganmiz shu bilan uyni isitamiz, - deydi u. – O‘n kunga yetadi bir to‘ldirib kelsak, o‘rtacha 50 ming so‘m bo‘ladi. Bundan tashqari ovqat tayyorlash uchun ham alohida gaz ballon. Hisoblab ko‘ravering, bir oyda sal tuzukroq isinib yashashimiz uchun 300 ming so‘mdan ziyod mablag‘ sarflaymiz.

Tibbiyot muassasalarida havoning sovuq kunlari ahvol qanday ekanligini bilish maqsadida borayotganim uchun haydovchining uyni isitish bilan bog‘liq fikrlarini diqqat bilan tingladim. «Uyda ahvol shu bo‘lgach, kasalxonalardayam shu-da, boshqa nima kutamiz», deydi haydovchi. 

To‘g‘risi, bu mavzuda qo‘lga qalam olish mana bir necha yildirki, og‘riqli bo‘lib qolgan. Sababi, ijtimoiy muassasalarni isitish bo‘yicha tumanlarda katta ishlar rejalashtirilyapti, qozonxonalar o‘zgaryapti, kam quvvatlisiga almashtirilyapti, deyiladi-yu negadir kelgusi yili borsak hamma binolar ta’mirlangan, o‘sha aytilgan qozonxonalar o‘rnatilgan bo‘lsa-da, paltoga o‘ranib o‘tirgan xodimlarga ro‘para kelaveramiz. Ko‘mirda, gazda, elektrda yana allambalolarda bemalol muassasalarni isitadigan jihozlarga nima bo‘ldi, deya xavotir olamiz. Mutasaddilar «shunaqa bo‘p qoldi-da, endi, quruvchilar zo‘r bo‘ladi, deb aytishgandi, lekin qish kelib, ularni ishlatib ko‘rganimizda unchalik ham zo‘r emasligini tushundik», deydi. Ba’zilari ortiqcha gapirishni istamaydi, «mana ko‘mirimiz bor, o‘tin ham g‘amladik, isiydi, amallayapmiz», deydi siniq jilmayib. Xullas, agar surishtirib keladigan bo‘lsak, qurilish tashkiloti allaqachon ishlarini yakunlab, hamma hujjatlarga qo‘l qo‘ydirib ob’yektni egasiga topshirgan, lekin uning ayblarini bino egasi ham negadir aytolmaydi. 

Gaz bo‘lmasa-da, Samarqand tumanidagi markaziy shifoxonaning asosiy bo‘limlari binolarida issiqlik borligini his qildik. Gaz yo‘q hududda buni eplash osonmas. Shuning uchun issiqlik hamma binoda emas, faqat bormoq bilan sanarlilarida bor ekan. 

- Tumandagi tibbiyot muassasalariga 2020-2021 yil kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha 200 tonnadan ziyod ko‘mir briketi zaxira qilingan, - deydi Samarqand tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i o‘rinbosari To‘lqin Mehmonqulov. - Tuman markaziy shifoxonasida uchta bino, xususan, tug‘ruq majmuasi, shoshilinch tibbiy yordam va bolalar bo‘limlariga to‘liq elektr energiyasi yordamida isitishga moslashtirilgan zamonaviy qozonxonalar o‘rnatilgan. Ayni kunlarda ushbu binolar yaxshi isitilmoqda. Tuman tez tibbiy yordam bo‘limi joriy yilda kapital ta’mirlangan bo‘lib, bo‘limda issiqlik tizimi markazlashtirilgan qozonxonalarga ulanmagan, mavjud xonalarning barchasi konditsionerlar bilan ta’minlangan. Hududda joylashgan markaziy poliklinika 2012 yilda qayta qurilgan bo‘lib, ikkita qozonxona ko‘mir yordamida isitishga mo‘ljallangan. Ayni vaqtda suvni aylantirish motori ishdan chiqqanligi tufayli ishlamaydi. Poliklinikaning Yangiobod, Qorasuv mahallasida joylashgan tibbiy punktlarida gaz bosimi yaxshi holatda, issiqlik tizimi ishlaydi. 

Tumanda 7 ta qishloq vrachlik punkti, 3 ta qishloq oilaviy poliklinika faoliyat ko‘rsatadi. Yuqorida ta’kidlanganiday, ko‘mir ajratilgan bo‘lsa-da, ba’zi tibbiyot muassasalari hozircha undan foydalana olmaydi. Xususan, 32-son oilaviy poliklinikaning isitish tizimi quvurlari ta’mirga muhtoj bo‘lsa, O‘zbekiston qishloq varchlik punkti qozonxonasining biri yaxshi ishlamaydi, Zaxlik qishloq vrachlik punktida ham qozonxonalar ta’mirga muhtoj. Qolgan tibbiyot muassasalarimizda ahvol birmuncha yaxshi.

Ammo tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli, 145 o‘ringa mo‘ljallangan terapiya majmuasi ayni paytda jiddiy ta’mirga muhtoj ekan. Bundan viloyat, hatto respublika mutasaddilarining ham xabari bor. Lekin hozircha ushbu majmua dasturga kiritilmay turibdi. Biz ham Samarqand tumani aholisi hamda shifokorlari singari bu binoda yaqin yillarda o‘zgarish bo‘lishidan umid qilib qolamiz.

Birmuncha yaxshi bo‘lgan «Gulobod» QVPsiga borganimizda u yerdagi xodimlarning paltoda ishlayotganini ko‘rib, ortiqcha savol berishga hojat qolmagandek edi. Biroq yangi qurilgan, zamonaviy qishloq vrachlik punktida dirdirab o‘tirishlarining boisi haqida izoh so‘radik.

- Vrachlik punktimiz 19 ming aholiga xizmat ko‘rsatadi, 8 nafar vrach, 21 nafar patronaj hamshira ishlaydi, - deydi Gulobod qishloq vrachlik punkti mudiri Venera Sattorova. – Binomizga ko‘mir, gazga moslashgan qozonxona o‘rnatilgan, ammo gaz hozircha ulanmagani bois ko‘mirdan foydalanamiz. Qish uchun olti tonna ko‘mir berildi, shuningdek, o‘tin ham g‘amlab qo‘ydik. Qozonxonani sal kechroq yoqishgani uchun xonalar hozircha isimabdi-da. 

Agar ushbu qishloq vrachlik punktiga borganimizda soat millari qariyb o‘n ikkini ko‘rsatayotganini hisobga olsak, bino bundan keyin ham yaxshiroq isishiga shubha qildik. Mudiradan 15 daqiqa davomida intervyu olgunimcha esa paltoda o‘tirib ham qo‘llarim muzlab qoldi. Qishda kasal bo‘lmang, odamlar, iltimos, degim keldi.   

Ishga tuman markazidan qatnaydigan avtobusda qaytarkanman, tuman odamlari bilan suhbatimiz yana o‘z-o‘zidan issiqlik ta’minotiga borib taqaldi. 

- Bundan o‘n yillar oldin turmush qurgandik. Gaz-ku o‘chgan, ammo elektr ham o‘sha yillari qariyb yonmaydigan bo‘lib qoldi. Ayni qish oylari to‘yimiz bo‘lib qoldi. Elektrga ishonib, qishga tayyorgarlik ko‘rmagan ekanmiz, borini ota-onam, ukalarim o‘tirgan xonaga ishlatishga to‘g‘ri keldi. Biz, yosh kelin-kuyov palto, issiq bosh kiyim kiyib qishni o‘tkazganmiz. O‘shandan keyin qish keldi, deguncha ko‘mir, o‘tinni g‘amlaydigan bo‘ldik. Hozir, elektr ancha yaxshi bo‘lib qoldi, baribir og‘zi kuygan qatiqni ham puflab icharkan-da, nima deysiz…

Gulruh MO‘MINOVA,

«Zarafshon» muxbiri.