«Qitmir»likdan qanday qutulish mumkin?

Ishxonada o‘tirgan edim, qo‘ng‘iroq bo‘lib qoldi.

- Bilasizmi, - dedi tanish ovoz, - keyingi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda tumanimiz haqida salbiy holatlarni aks ettiruvchi bir-birini takrorlaydigan xabarlar ko‘payib ketdi. Ochig‘i, urchimoqda. Ishlashga xalaqit beradigan odamlarni chalg‘ituvchi, ishdan qo‘lini sovutuvchi bunday gap-so‘zlar rost bo‘lsa mayli, deysiz. Ammo ularning tag-zamirida mansabdor shaxslar ustiga mag‘zava ag‘darishdek noxush hid anqib turganligiga chidab bo‘lmaydi. Gazetalaringizga shular haqida yozsalaringiz bo‘lmaydimi?

Bu xildagi gaplar kecha yoki bugun bo‘layotgani yo‘q. Hamkasblar orasida, boshqa davralarda «Eh, falonchi pismadonchini boplabdi, rosa oborib olib keldi», «qo‘rqitibdi», deguvchilar ko‘paygandan ko‘payayotgandi. Og‘aynimizning gapidan keyin o‘ylanib qoldim va unga «bo‘ladi» deb javob berdim.

Gazetxonning murojaati, taklifiga javob berish vazifamiz. Shu bois, qog‘oz titkilashga to‘g‘ri keldi va «Bloger kim?», degan savolga javob topishga harakat qildim. Internetda turli xil saytlarning egalari bloger deyilardi. Ya’ni, ular o‘z saytlarida yangiliklar, har xil ma’lumot beruvchilar hamdir.

Yana bir ma’lumotda shunday izoh ham bor. Blog – inglizcha wev log – internet jurnal bo‘lib, bloger (internet jurnalni yurituvchidir) o‘z fikrlari, biror voqeaga munosabatni boshqalar bilan bo‘lishuvchi shaxs. U bir vaqtning ichida, muallif, muharrir, sahifalovchi - dizayner, foto, videomontajchidir. Bloger matn, tasvir, multimediani o‘z ichiga olgan muntazam ma’lumotlar qo‘shib boradigan saytni yurituvchi.

Shularni o‘qir ekanman, blogerlar zimmasidagi ish, mas’uliyatli, vazifa naqadar katta ekanligini his etdim. Demak, ular jamiyatimizda yuz beradigan voqea-hodisalar, yangiliklarni tezkor, xolisona ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirib, ommaga yetkazadigan hamkasblar. Naqadar mas’uliyatli ish.

Xo‘sh, hamkasblarimiz o‘z vazifalarini qay darajada uddalashyapti?

Tan olish kerakki, ijtimoiy tarmoqlar bugungi kunda jamiyatimizning asosiy bo‘g‘inlaridan biriga aylanmoqda. Chunki zamon, davr talabi shunday. Tezkorlik, xolislik va hokazo. Bu borada blogerlar orasida o‘z kasbining haqiqiy fidoyilari ko‘pchilikni tashkil etayotganligi quvonarli. Ular bilim, tajriba, rostgo‘ylik, adolat kabi jurnalist etikasiga amal qiladigan tom ma’nodagi jurnalistlardir.

Men bunday hamkasblarimizning ko‘pini yaxshi bilaman va mehnatini qadrlayman.

- Bizni «qitmir jurnalistlar» ham deyishadi, - deydi shu soha nonini halollab kelayotgan hamkasblarimdan biri, nomini oshkor qilmasligimni iltimos qilib. – Yelkamizga bu nom bekorga yopishtirilmagan. Demak, oramizda chumolidan fil yasaydigan, xolis fikr yuritmaydigan, mansabdor shaxslarning «popugini pasaytirib» qo‘yib soxta «obro‘» orttirishga harakat qiladigan blogerlar ham afsuski borligi, qo‘pol bo‘lsa ham sha’nimizga isnod keltirayotganidan ko‘z yuma olmaymiz. Zero, bloger degan shaxs garchand, o‘zining sayti bo‘lsa-da, jurnalistik etika chiziqlaridan chiqmasagina, ya’ni shov-shuvlarga berilmasagina haqiqiy bloger hisoblanadi. Tezkorlik, hozirjavoblik, deb quyushqondan chiqish bu bizning ishimiz emas.

So‘ngra, hamsuhbatim yaqinda Farg‘onada yuz bergan blogerlar bilan bog‘liq voqealarni yodga oldi. Voqealarni ijtimoiy tarmoqlarga noxolis joylashtirish, biror bir o‘zgarish yuz berishini kutib, izma-iz «poylab» yurish ko‘pchilikning ochig‘i g‘ashiga tegdi, bizdan ixlosi qaytdi.

Xo‘sh, bu xildagi yondashuvlar kimga va nima uchun kerak bo‘ldi?

Viloyatimizda ham ayrim hamkasblarimiz shu yo‘lni tutib ish ko‘rayotganligini sira yoqlamayman. Beriladigan har bir xabar, voqea, xolis, ishonarli bo‘lsagina biz «qitmir»likdan xoli bo‘lamiz.

Demak, blogermi, gazetalar muxbiri bo‘ladimi, aytar gapini xolisona, o‘ylab tarqatishi yoki yozishi barchamizga, qolaversa, jamiyatga manfaat keltiradi. O‘zgalar sha’ni, qadr-qimmatini toptash bilan hech kim obro‘ topmaydi.

Adham HAYITOV.