Qiz bolaga ko‘tarilgan qo‘l jamiyatga otilgan o‘qdir

Samarqand davlat tibbiyot institutida «Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish hamda gender tenglik» mavzusida onlayn konferensiya bo‘lib o‘tdi. Institut xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahat kengashi tomonidan tashkil etilgan konferensiyada viloyatdagi barcha oliy ta’lim muassasalarining xotin-qizlar bilan ishlovchi xodimlari, professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlar ZOOM dasturi orqali ishtirok etdi. Konferensiyani institut rektori J.Rizayev olib bordi. 

Samarqand viloyat prokuraturasi bo‘lim prokurori I.Sobirov, Samarqand shahar 3-son IIB katta isnpektori Z.Sharapova zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlarning huquqiy himoyasi bo‘yicha mamlakatimizda amalda bo‘lgan qonunchilik va uning ijrosi haqida so‘z yuritdi. 

- Zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlar birinchi galda ruhiy daldaga muhtoj bo‘ladi, - deydi Samarqand shahar ayollar ijtimoiy moslashuv markazi maslahatchisi G.Husainova. – Shuning uchun markazimizga murojaat qilayotganlarga avvalo, ruhshunos, tajribali onaxonlar yordam ko‘rsatadi. Tibbiy, huquqiy jihatdan ko‘mak beriladi. Faoliyatimdan kelib chiqqan xulosalarim shundan iboratki, xotin-qizlarni zo‘ravonlikdan himoyalash faqatgina ular bu holatga tushgandan so‘nggina amalga oshiriladigan jarayon emas. Avvalo, har bir oilada, ta’lim muassasasida bu yo‘nalishda ishlash kerak, qiz bolaga qo‘l ko‘tarish faqat oiladagi notinchlik emas, jamiyatdagi notenglikni keltirib chiqarishini uqtirishimiz lozim.

 Konferensiyada xotin-qizlar bilan ishlovchi mutasaddilar  huquqni muhofaza etuvchi tashkilotlar vakillaridan sohaga oid savollariga javob olishdi.

Gavhar XUDOYBERDIYeVA,

institut xotin-qizlar maslahat kengashi raisi.