Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Qizg‘anchiq otalar bo‘ladi xolos...

Assalomu alaykum!

Dadajon, bugun hayotimda ilk bor sizga maktub yozishga ahd qildim. Sizga aytmoqchi bo‘lganlarim ko‘p. Mana uch yildirki sizdan olisdaman, uch yildirki uyda, qoshingizda o‘tirganimda sumkamning bir burchagida meni yana Toshkentga olib qaytadigan yo‘l biletim ham bor bo‘ladi... Uch yil bo‘ldi xonadondagi maqomim mezbon emas, mehmon deya atala boshlandi. Shunday mehmonki qalbi o‘sha xonadonning har bir burchagiga uzilmas, mahkam qilib bog‘langan.

Dada, negadir hamisha eng ko‘p sizni sog‘inaman. Nurga to‘la hayotimning har bir xotiralari mening qalbimning eng chuqur yerida beorom qush kabi tipirchilayveradi.

Siz bo‘ynimga taqib qo‘ygan do‘lanalarni eslaysizmi? Mening  sog‘inchim siz yonimda bo‘lgan kunlarni xuddi ana shu do‘lana kabi ipga tizib xayolimdan birma-bir o‘tkazaveradi.

Sizni, odatlaringizni, fe’lingizni men juda yaxshi bilaman. Eng ko‘p nimadan lol qolardim, bilasizmi, biror xato qilsam, avval xatoyim darajasida jahlingiz chiqadi, o‘sha darajada urishib qo‘yasiz. Keyin jim bo‘lib qolib, menga tikilasiz, yana jim turib, arazimni yoki piqillay boshlaganimni ko‘rib, o‘zingizni aybdor sezasiz. Meni ranjitish hatto o‘zingizga mumkin emasdek jim qolasiz, o‘sha jimlik lahzalarida qovog‘i qorga to‘lib borayotgan qizning ko‘nglini yoritish, bulutlari bag‘rini yorib chiqish uchun tinimsiz chora izlaysiz. Boyagi jahlni siz lahza ichida mehrga almashtirasiz, kulasiz, hazillar qilasiz... Dadalar uchun baxt farzandining shodligi, uning ko‘zlarida porlagan quvonchdan o‘zga narsa emasdek...

Dada,  men sizga, mehringizga juda suyanib qolgan ekanman. Men juda ko‘nikkan ekanman jamiki tashvishlarimni yelkangizga ortib. Bu yerda, menga begona bo‘lgan shaharda, shunday katta shaharda katta-kichik tashvishlarimga yakkama-yakka tura olish anchagina qiyin ekan. Siz menga bolaligimdan hayotning eng chiroyli ranglarini ko‘rsatgansiz, men hayot kamalakka o‘xshagan bo‘ladi, deb ulg‘ayibman. Lekin...

Sizdan biroz xafaman... Siz menga oq va qora ranglar haqida aytmagansiz. Siz aytmagansiz, hamma odam birdek mehribon emas, deb. Do‘stlik haqida chiroyli ertaklar aytgansiz, lekin bir kuni chin do‘stim ortimdan pichoq sanchishi mumkinligini aytmagansiz. Hamisha o‘zingiz kabi mehribon bo‘lishni o‘rgatgansiz, ammo ba’zan odamlar mehrni oyoqosti qilib, qo‘ynimni puch yong‘oqqa to‘ldirishi mumkin ekanidan ogoh etmagansiz. Balki dadajon, aytmoqchi bo‘lgansizu o‘sha o‘yilgan qovoqni ko‘rib har safar indamagansiz, ayagansiz qizingizni...

Yolg‘izlik haqida hech narsa demadingiz, shunday yolg‘izlikki, atrofingiz to‘la odam, do‘stlaringiz, boshqalar... Ko‘plar ichra yolg‘izlik. Zaharga o‘xsharkan u, qalbga kirib, xayolda aylanib kishi ko‘nglini tinimsiz ezg‘ilarkan. Ichingiz gapga to‘ladiyu soqov odam kabi yashayverasiz...

Dada,  qizingizning esi yo‘q. Eslaysizmi, so‘nggi uch yilda necha martalab qo‘ng‘iroq qilib, o‘zim yasagan fojiani vahima qilib yig‘laganman... Mening bo‘g‘iq, ingragan ovozim lahza ichida fig‘oningizni falakka chiqargan. Qulog‘ingizga ortiq gap kirmay qoladi. Ovozingiz, nafasingizda butun dunyoni ostin-ustun qiladigan qudrat, shijoat paydo bo‘lgandek tuyuladi. Siz yig‘loq ovozimga toqat qilolmaysiz, yo go‘shakni qo‘yasiz, yo onamga tutqazib, indamay ketib qolasiz... Yig‘loqini yig‘latgan sababni, unga yechimni izlashga urinasiz, ming xayolga borasiz. Bilaman, olisda turib yig‘lasam siz juda qiynalasiz, lekin baribir sizga, faqat o‘zingizga suyangim keladi... Dada, qizingiz biroz yolg‘onchi ham. U aslida anchagina irodali, sizga qo‘ng‘iroq qilib yig‘laganlarida bir nimalarni aytib vahimalar qilganu, ammo aslida faqat sizni sog‘ingani uchun yig‘laganini aytolmagan. Dada, biror marta aytolmabman sog‘inganimni. "Dada, sizni sog‘indim" – bor-yo‘g‘i uch so‘z, ammo bu ummon kabi qalbim, mehrim va sog‘inchim oldida bir tomchi ham bo‘lolmaydi...

O‘tgan kuni bir qiz yonimda telefonida bir qo‘shiqni xayolchan tinglab turgandi. Yulduz Usmonovaning qo‘shig‘i. "O‘ngdan keldi kalxatlarni ko‘rgan tushim, Uchdi-ketdi boshimdagi humo qushim, Qolaverdim toshga urib yetim boshim..."

Dada, juda yomon bo‘lib ketdim. Alloh umringizni ziyoda qilsin. Hech bir qiz bu qo‘shiqni eshitishini istamayman. Men ham! Dunyodagi eng baxtli qiz otasining mehriga burkanib o‘sgan qiz men uchun. Inson qalbini patentlash imkoni bo‘lsa, shubham yo‘qki, mening qalbimga "ota mehri bilan to‘yintirilgan" deb bitib qo‘yiladi. Bu uchun sizdan minnatdorman.

***

Bir gap aytaymi, dada, men ilgari dunyoda yomon otalar ham bo‘ladi, deb o‘ylardim. Negaki, ko‘p bor eshitganman, guvohi bo‘lganman, ayoli ikkinchi yoki uchinchi qiz farzandini dunyoga keltirganida, jahl qiladigan otalarni. Ko‘p hayron ham qolardim, xafa bo‘lardim. Nima bo‘ladi qizlari ko‘p bo‘lsa?!

Yaqinda tog‘am ilk bor qizini uzatdi. To‘y, hamma shodu xurram, bayramona kayfiyat. Lekin o‘tib ketayotib,  uyning bir burchagida tog‘amni ko‘rdim, ko‘zlari jiqqa yosh, zabardast yelkasi silkinib, o‘kinib yig‘layapti... Men tog‘amni hech yomon kayfiyatda ko‘rmaganman, har doim baxtiyor, samimiy...

Shunda universitetda bo‘lgan bir holat yodimga tushdi. Ma’ruza, bir qizning tobi qochib qolgani uchun yoshi kattaroq bir domla uning ahvolidan xavotirlanib, sherigi bilan hamshira yoniga borib kelishini aytib, xonadan chiqarib yubordi. Keyin xayolchan kelib, mung to‘la ko‘zlari bilan gapira ketdi:

- Qiz bola hamisha o‘zini avaylashi kerak, hadeb siqilish, asabiylashishi kerakmas. Har narsani ko‘ngilga yaqin olmaslik kerak.

Jim turib qolib, yana so‘z boshladi. U xuddi o‘ziga o‘zi gapirayotgandek edi:

-Tug‘ilganidan boshlab har birini kiprigimni asragandek, avaylab o‘stirdim. Ko‘ngliga qaradim, shodligi uchun hamma narsa qildim, ozgina ranjisa qo‘shilib dilim og‘ridi. To‘rttalasini ham birday yaxshi ko‘rdim, o‘qitdim. Uzatdim. Yigirma-yigirma besh yil guldek avaylab o‘stirgan qizingni, bir "mutahham" kelib, oladiyu-ketadi... O‘tirasan, sog‘inib, kutiiib...

O‘shanda tushundimki, dunyoda yomon otalar bo‘lmaydi, shunchaki eng qizg‘anchiq otalar bo‘ladi, ular qizlari ko‘p bo‘lishini istamaydi.

***

Boya sizga aytgandim, qizingizning esi yo‘q deb. Hozir unday emas, unga ancha "aql kirib qolgan" - u endi olisda turib sizga yig‘i-sig‘i qilmaydi. U endi o‘zi yig‘lab o‘zi ovunishni o‘rgangan. Sizga qo‘ng‘iroq qilganda hamisha baxtiyor so‘zlashadi, sizni baxtiyor etishni istaydi.

Dada, men hammasini ichimga yutishni boshladim, sog‘inchimni ham, iztirobimni ham. Muammolarimga qarshi o‘zim tik turishni o‘rgandim. Sinov bergan Alloh sabr hamda irodani ham inson qalbiga jo qilib berarkan. Ming turli vaziyatda ming xil o‘y, holat va his bilan yashashimga to‘g‘ri keldi, ba’zan O‘zi yo‘l ko‘rsatib, to‘g‘ri yo‘ldan bora oldim, o‘zimga yarasha xatolar ham qildim. Ammo hech ham yengilmadim, yengilmayman... Mening hayotdan kutayotganlarim ko‘p. Meni kutayotganlar, iqbolimga intizorlarim ko‘p, yelkamda oqlanishi kerak bo‘lgan ishonch bor.

Asqad Muxtorning "O‘zimniki emas bu umr... To‘la menikimas sezib turibman" degan misralari sira xayolimdan ketmaydi. Bas, inson umri faqatgina o‘ziniki emas ekan, u faqat o‘zini o‘ylab, o‘zi uchun yasholmaydi. Inson umrining ma’lum qismida bu umrining ko‘rkiga rang qo‘shgan, bu umrning bugungi jozibasida o‘z hissasini qo‘shganlarning haqqi bor... Farzandlik shunday burch: umringizni baxtga burkagan insonlarni baxtli bo‘lishi uchun baxtli bo‘lishingiz shart. Ota-onalarimizga mana shu kifoya. Ular bizdan bundan ortiq hech narsa kutishmaydi...

Dadajon, har bir inson tug‘ilibdiki, ma’lum bir maqsad yo‘lida harakatda bo‘ladi. Baxt esa hamisha ham to‘kis bo‘lmaydi, uning uchun ba’zan tovon to‘lashga to‘g‘ri keladi, ba’zan nimadirlardan kechish kerakdek.

Men ham tovon to‘layapman. Men maqsadimga olib boradigan yo‘ldaman. Ammo bu yo‘llar Sizdan, diydoringizdan ancha olisda. Ota-ona, oila va yaqinlardan olisda o‘tkazilgan umrning har daqiqasi, ko‘plar ichra yolg‘izlikda kechgan har bir lahza dunyodagi eng qimmat tovon bo‘lsa kerak.

Mana shu to‘lanayotgan eng qimmat tovon haqqi-hurmati men kutganlarimga erishmog‘im shart. Siz kutganlarni ijobat qilmoq mening burchim. Dadajon, duoyingiz hamda Yaratganning o‘zi panoh bo‘lsin.

Dadajon, men dunyodagi eng yaxshi farzand emasdirman, lekin dunyodagi eng yaxshi dadaning farzandiman. Baxtimizga hamisha omon bo‘ling!

(Bong.uz)

Sog‘inib, sog‘indim deb aytolmaydigan, sizni dunyolardan ortiq ko‘ruvchi qizingiz...