“Qo‘lingdagini bersang, olasan”

Butun olamda kezib yurgan Muborak Ramazon - tinchlik, fayzu-baraka va saxovat oyi munosabati bilan joylarda “Vaqf” xayriya jamoat fondining Samarqand filiali tomonidan ham turli xayriya tadbirlari tashkil etilmoqda.

Jumladan, fondning Samarqand filiali Turkiya davlatining “Hasene” kompaniyasi bilan hamkorlikda viloyatimizdagi bir qancha fuqarolarga oziq-ovqat mahsulotlari ehson qilib, ehtiyojmand oilalar holidan xabar oldi. Xonadonlarda bo‘lib, ehsonlarni topshirgan “Vaqf” xayriya jamoat fondining Samarqand filiali rahbari A.Sultonov va Samarqand shahar “Shohi Zinda” jome masjidi imom-xatibi Samariddin Mirzayev ramazon oyi bilan muborakbod etib, ehson qilganlar haqiga duo qildi.

Saxiylik eng ulug‘ fazilatlardan. Ayniqsa, Ramazon oyida uning ziyoda bo‘lishi Payg‘ambarimiz alayhissalomning sunnatlaridan ekan.

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan: “Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) odamlarning eng saxovatlisi edilar. U zotning saxovatlari Ramazon oyida – har kecha Jabroil (alayhissalom) Qur’onni ta’lim berish uchun huzurlariga tushadigan paytlarda, ayniqsa, ziyoda bo‘lardi. Darhaqiqat, Allohning rasuli (sollallohu alayhi vasallam) odamlarga muruvvat ko‘rsatishda shiddat bilan esayotgan shamoldanda tez edilar” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

Hotamtoydan shunchalar saxovatlisan, uni kimdan o‘rganding”, deb so‘rashganda: “G‘ishtdan”, deb javob bergan ekan. Sababini so‘rashganda: “Yoshlik chog‘imda hasharga borganimda, bir qatorga terilib g‘ishtni qo‘lma-qo‘l uzatib ustaga yetkazib berardik. Usta to‘xtasa, biz ham qo‘limizdagi g‘isht bilan to‘xtab qolardik. Shunda angladimki, qo‘lingdagini bersang, olasan”.

O‘MI Samarqand viloyati vakilligi matbuot xizmati.