Qomusimiz qoidalari dinimiz ko‘rsatmalariga hamohang

Xalqimizning oilaga munosabati, bu muqaddas qo‘rg‘on bilan bog‘liq qadriyatlar tufayli Konstitutsiyamizda “Oila” bobi (XIV bob) yaratilgan. 1998 yil 30 aprelda esa Oila kodeksi qabul qilindi.

Oila har bir jamiyatning boshlang‘ich bo‘g‘ini hisoblanadi. Oila mustahkam, tinch, halol va pok bo‘lsa, jamiyat ham osoyishta, mustahkam, farovon bo‘ladi. Zero, “Oila jamiyatning asosiy bo‘g‘inidir hamda jamiyat va davlat muhofazasida bo‘lish huquqiga ega”.

Oilada yuksak ma’naviy muhitni tashkil etish juda muhim. Bunda oila a’zolarining, ayniqsa, er va xotinning o‘zaro murosaga borishi, g‘azabi kelganda uni yengishi va shirin so‘zli bo‘lishi singari bir qator omillar juda katta ahamiyat kasb etadi. Chunki oilaning tinch, farzandlarning baxtli bo‘lishida er-xotinning har ikkisi ham oiladagi burchlarini astoydil ado etishga intilishlari zarur.

Muqaddas dinimizda ham oila muqaddas dargoh ekanligi va albatta farzandlar tarbiyasiga e’tiborli bo‘lish lozimligi ko‘p bora ta’kidlangan. Jumladan, bir hadisi sharifda Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi vasallam): “Har biringiz o‘z qo‘l ostingizdagilarga mas’uldirsiz”, deya marhamat qilganlar.

Er o‘z o‘rnini yo‘qotgan, xotin esa erning mavqeiga da’vogarlik qilgan oilalarda nafaqat notinchlik bo‘ladi, balki mahalla-ko‘y orasida ham bunday oilaning hurmati yo‘qoladi. Vaholanki, Konstitutsiyamizda “Ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar”, deb ta’kidlab o‘tilgan.

Shu o‘rinda aytish joizki, hayotda ota-onalari farzandlariga borini berib, ularni voyaga yetkazar ekan, farzandlar ham ulg‘aygandan so‘ng ota-onalariga g‘amxo‘rlik qilib, ularni rozi qiladigan amallarni qilishi lozim bo‘ladi. Bu haqda Konstitutsiyamizning XIV bob 66-moddasida “Voyaga yetgan, mehnatga layoqatli farzandlar o‘z ota-onalari haqida g‘amxo‘rlik qilishga majburdirlar”, deya ta’kidlangan.

Qolaversa, muqaddas dinimizda ham farzandlarning ota-onalariga g‘amxo‘rlik qilishlari, ularni rozi qiladigan amallarni ko‘paytirishlari to‘g‘risida ko‘p bora buyurilgan. Jumladan, Alloh taolo Qur’oni Karimda Niso surasining 36-oyatida “Va Allohga ibodat qilinglar va Unga hech narsani shirk keltirmanglar. Ota-onaga yaxshilik qilinglar”, deb marhamat qilingan.

Oila Alloh taoloning roziligini topish, hazrati Payg‘ambarimiz (s.a.v.) axloqlari, chiroyli odob-axloq bilan ziynatlanish va pok yo‘l bilan insoniyat naslini davom ettirish maqsadida quriladi. Shuning uchun  dinimiz oilani muqaddas sanaydi va nikohni insoniy aloqalarning eng muhimi sifatida yuksak qadrlaydi.

Zayniddin EShONQULOV,

Samarqand viloyati bosh imom-xatibi.