Qonun ustuvorligi ta’minlansa, mansabdor shaxs uning ijrosini ta’minlashga majbur bo‘ladi, fuqarolarda o‘z huquqi himoyasini amalga oshirish imkoniyati yaratiladi

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi davlatning tuzumi, davlat boshqaruvi, inson huquq va erkinliklari kafolatlarini belgilaydigan oliy darajadagi qonundir. Konstitutsiya inson huquqlarini oliy qadriyat sifatida belgilagan qonun hisoblanadi.

Konstitutsiya boshqa qonunlardan quyidagi jihatlari bilan farq qiladi:

- u maxsus sub’yekt yoki uning nomidan o‘rnatiladi;

- uning qoidalari yo‘naltiruvchi, ta’sis etuvchi, o‘rnatuvchi, birlamchi ahamiyatga ega;

- u munosabatlarni tartibga solishda hajmi kengligi bilan ajralib turadi;

- qabul qilinishi va o‘ziga xos muhofaza qilinishi bilan alohida ajralib turadi.

Konstitutsiya va boshqa qonunlarda belgilangan inson huquqlari va erkinliklarini davlat ta’minlaydi. Bu - davlat insonning huquq va erkinliklarini barcha boshqa qonunlari orqali kafolatini berib boradi. Uni amalda o‘zining tegishli organlari orqali ta’minlaydi, huquq va erkinliklar buzilganda uni tiklash choralarini ko‘radi, deganidir. Ayniqsa, shaxsning daxlsizligi va aybsizlik prezumpsiyasining Asosiy qonunda belgilanishi uning insonparvarligini ko‘rsatadi. Bu normaning o‘rnatilishi milliy qonunchiligimizda oldingan ijobiy qadam bo‘ldi.

Ma’lumki, har bir jamiyatning yetakchi kuchi va davlatning yagona manbai - bu inson. Inson jamiyatning rivojlanishida, uning tarkib topishida eng asosiy o‘rinni egallaydi. Inson dunyoga kelishidan to umrining oxirigacha mehnat qiladi, yashash uchun intiladi. Jamiyatga o‘zining borligini doim sezdirib turadi. Jamiyatning rivojlanishi ko‘pincha insonning ongi bilan bog‘liq holda ro‘y beradi.

Davlat tomonidan insonning siyosiy qarashlari amalga oshishi uchun siyosiy partiyalarga kirishi, davlat boshqaruvida qatnashishi uchun o‘zi yoki saylagan vakillari orqali boshqaruvda ishtirok etish, mamlakat hududida erkin ko‘chib yurishi va boshqalar ham davlatning fuqarolar oldidagi majburiyatini belgilaydi. Davlatning majburiyatlar olgani o‘z-o‘zidan insonga kafolat berilishidir.

Konstitutsiyaning asosiy prinsiplari, ya’ni rahbariy g‘oyalari ham mavjud. Davlat suvereniteti, xalq hokimiyatchiligi, demokratizm, davlat bilan fuqaroning o‘zaro mas’ulligi, qonuniylik, Konstitutsiya va qonunning ustunligi, hokimiyatlar bo‘linishi, O‘zbekiston Respublikasi tomonidan faol tashqi siyosatning amalga oshirilishi, mahalliy o‘zini-o‘zi boshqarish prinsipi va boshqa prinsiplar borki, bularning hammasi Konstitutsiyamizning bosh g‘oyalari hisoblanadi. Qabul qilinadigan har qanday qonunlar ana shu prinsiplarga bo‘ysungan holda qabul qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi nafaqat yuridik norma, ya’ni majburiy xarakterga ega bo‘lgan qoida va prinsiplar, balki axloqiy jihatlari bilan ham ajralib turadi. Masalan, xotin-qizlar va erkaklar teng huquqliligi (46-modda); voyaga yetmaganlar, mehnatga layoqatsizlar va yolg‘iz keksalarning huquqlari davlat himoyasida eakanligi (45-modda); oila jamiyat va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi va himoya qilinishi (63-modda); davlat va jamiyat yetim bolalarni va ota-onalarining vasiyligidan mahrum bo‘lgan bolalarni boqish. O‘qitishni ta’minlashi, bolalarga mo‘ljallangan xayriya faoliyatni rag‘batlantirish (64-modda); onalik va bolalikning davlat tomonidan himoya qilinishi (65-modda); voyaga yetgan, mehnatga layoqatli farzandlar o‘z ota-onalari haqida g‘amxo‘rlik qilishga majburliklari (66-modda) Konstitutsiyaning chuqur axloqiy ahamiyatga ega ekanligini belgilaydi.

Sharq xalqlariga mansub bo‘lgan ko‘pgina axloqiy qarashlar qoida, norma sifatida Konstitutsiyamizda belgilangani uning milliy xarakterini ko‘rsatadi. Shu jihatlari bilan Asosiy qonunimiz boshqa davlatlar Konstitutsiyalaridan quyidagi jihatlari bilan ajralib turadi.

Birinchidan, Konstitutsiyamiz xalqaro ahamiyatga ega, desak xato bo‘lmaydi. Chunki davlatimiz olib borayotgan tashqi siyosat va xalqaro hamkorlik ayni Konstitutsiyamizga asoslanadi. Konstitutsiyada begilangan qator normalar davlatimizning xalqaro hamjamiyatda o‘z o‘rnini topishida dasturilamal hujjat isoblanadi.

Ikkinchidan, Konstitutsiyamizda inson huquqlariga oid bir qator xalqaro hujjatlar - Inson huquqlari umumjahon Deklaratsiyasi, Ijtimoiy, iqtisodiy huquqlar to‘g‘risidagi Pakt, Siyosiy huquqlar to‘g‘risida Pakt, Bolalar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiya, Ayollar teng huquqligi to‘g‘risida xalqaro hujjatlar va boshqa hujjatlarda belgilangan asosiy prinsip va qoidalar Konstitutsiyamizda o‘z aksini topgan. Shuning bilan ham Konstitutsiyamizning xalqaro ahamiyatga ega ekanligini ko‘rish mumkin.

Uchinchidan, davlatimizning har bir fuqarosi xorijda bo‘lib turgan vaqtida Konstitutsiya va qonunlarimiz himoyasida bo‘ladi. Bir so‘z bilan aytganda, Konstitutsiyamizda xalqaro huquqning deyarli barcha qoidalari va umume’tirof etilgan prinsiplari implementatsiya (qo‘llangan) qilingan.

Konstitutsiya, qolaversa, respublikamiz a’zo bo‘lgan inson huquqlariga oid xalqaro hujjatlarda asosiy prinsiplar sifatida mustahkamlab qo‘yilgan inson huquq va erkinliklari me’yorlari keyingi paytlarda qabul qilinayotgan inson huquqlariga daxldor bo‘lgan sohaviy qonunlarda yanada tushunarli qilib soddalashtirilgan va kengaytirilgan holda berib borilmoqda, davlatning bu sohadagi kafolati kengaytirilmoqda.

Konstitutsiyaning 3-bobi Konstitutsiya va qonunning ustunligiga bag‘ishlangan. Davlatimiz tomonidan chiqarilgan qonunlar talablari barcha uchun bajarilishi shart. Qonunga ko‘ra, respublikamiz  fuqarolarining kim bo‘lishi, millati, ijtimoiy kelib chiqishi, irqi, dinidan qat’i nazar qonun oldida tengdir. Shuningdek, Konstitutsiyaning  birorta qoidasi O‘zbekiston Respublikasi huquq va manfaatlariga zarar yetkazadigan tarzda talqin etilishi mumkin emas.

Qonun ustuvorligi deganda, qonunlarning amalda bajarilishi, uning har narsadan ustun turishi va hamma uchun bajarilishi shart va  majburiyligi tushuniladi. Qonun oldida har qanday fuqaro millati, ijtimoiy kelib chiqishi, tili, dini, irqidan qat’i nazar teng huquqlidir.

Xulosa qilib aytganda, Konstitutsiya va qonun ustuvorligini ta’minlash amalda inson huquqlarining himoyasini ta’minlashga olib keladi. Inson huquqlarini himoya qilishning asosiy prinsip va tamoyillari ham aynan qonunlarga rioya etish, qonunlarni ijro etish, qonunlarni tushuntirish, huquqbuzarlikka qarshi kurash va boshqalarga asoslanadi. Amalda qonun ustuvorligi ta’minlansa, bir tomondan, mansabdor shaxslar qonunlar ijrosini to‘liq ta’minlashga majbur bo‘ladi. Ikkinchi tomondan, inson o‘z huquqlari himoyasini amalga oshirish imkoniyatiga ega.

Gulnora XUDAYBERDIYeVA,

Toshkent davlat yuridik universiteti ixtisoslashtirilgan filiali dotsenti, yuridik fanlar nomzodi.