Qonunchilik palatasi deputatlari samarqandliklarning tomorqalardan samarali foydalanishini o‘rganmoqda

Jahon ekspertlarining aytishicha, koronavirus  pandemiyasi dunyo mamlakatlari  iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasdan qolmaydi. Ko‘pgina tahlilchilarning fikricha, oziq-ovqat taqchilligi yuzaga kelishi mumkin.

Shu sabab xalqimizni yetarli oziq–ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash muhim vazifalardan biri bo‘lib turibdi. Albatta, ushbu jarayonlarda fermer xo‘jaliklari bilan bir qatorda tomorqa yer egalarining ham o‘rni bor.

Prezidentimiz joriy yilning 8 aprel kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida “Bizni yer boqadi” deya ta’kidladi va tomorqachilikni rivojlantirish bo‘yicha bir qator vazifalarni belgilab berdi. Yig‘ilishda belgilangan vazifalar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashlarining “Dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer uchastkalaridan foydalanish samaradorligini oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qo‘shma qarori qabul qilindi.

Mazkur qarorga ko‘ra, Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, O‘zLiDeP fraksiyasi raisi Aktam Haitov boshchiligidagi bir guruh deputatlar Samarqandda dehqon xo‘jaliklari va aholi tomorqalarida bahorgi ekinlarni ekishning holatini o‘rganmoqda.

Oqdaryo tumanidagi Dahbed MFY da yashovchi Munavvar Usmonova o‘qituvchilikdan nafaqaga chiqkach, tomorqachilikni yo‘lga qo‘ydi. Mazkur oila 8 sotix yer maydonining bir sotixida issiqxona tashkil etib, pomidor yetishtirmoqda. Bundan tashqari, tomorqasida kartoshka, bodring va turli ko‘katlar ekilgan. Onaxon tomorqachilikdan tashqari, hovlisida baliqchilik va parrandachilikni ham yo‘lga qo‘ygan.

Uchrashuvda A.Haitov Munavvar opaning tajribasini ommalashtirish kerakligini ta’kidladi.

Shuningdek, deputatlar tumandagi Alisher Navoiy MFYda yashovchi Farhod Shirinov va Zubaydulla Ziyodovlar oilasida ham bo‘ldi. Ikki qo‘shnining har biri 1,5 sotixli tomorqalarida issiqxona tashkil qilgan. Farhod aka o‘z issiqxonasida bodring, Ziyodulla aka esa pomidor yetishtirmoqda.

- Tan olish kerak, keyingi yillarda dehqonchilikka ko‘pchiligimiz ahamiyat bermay qo‘ygan edik - deydi deydi Z.Ziyodov. - Aksariyatimiz yengil pul topish yo‘liga o‘tganimiz ham rost. Men o‘zim bir necha yil Rossiyada muhojirlikda mehnat qildim. Sovuqlarda salomatligimni yo‘qotdim. Bugungi kunda uydan chiqmay tomorqamda ishlab, muhojirlikda topgan pulimdan ziyod daromad olyapman.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Navro‘z Rizayev va G‘ayrat Abdiyev 14 apreldan boshlab viloyatning Urgut, Toyloq, Jomboy, Bulung‘ur, Payariq, Samarqand tumanlarida aholi tomorqalarida bahorgi ekinlarni ekish holatini o‘rganib kelishyapti.

- O‘rganishlar davomida yerdan besamar foydalanayotgan hamyurtlarimizni ham uchratdik, - deydi G‘ayrat Abdiyev. - Sotixlab tomorqalarga beda, makkajo‘xori ekinlarini ekib qo‘yib, yerning umrini behudaga o‘tkazayotgan tomorqachilarimiz ham borligiga guvoh bo‘ldik. Ularga  tomorqalariga beda, makkajo‘xori o‘rniga, pomidor, kartoshka, bodring, piyoz kabi sabzavotlarni yetishtirib, yerdan samarali foydalansa, ro‘zg‘origa qo‘shimcha daromad kelishini tushuntirdik. Tomorqalariga hech narsa ekilmagan ayrim yurtdoshlarimizga mahalla va “Tomorqa xizmati” MChJ ko‘magida urug‘lar va nihollar yetkazib berish yo‘lga qo‘yildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan Samarqand viloyatida tomorqalarda bahorgi ekin ekish holatlarini o‘rganish ishlari davom etmoqda.

Baxtigul QARShIYeVA.