Qonuniy ajrashmay turib turmush qurish qator muammolarni keltirib chiqaradi

— 2021 yil mart oyida farzandli bo‘ldim. Ammo farzandimning tug‘ilganligi qayd etilmadi. Sababi, men birinchi turmush o‘rtog‘im bilan qonuniy nikohim bekor qilinmay turib, sha’riy nikoh asosida ikkinchi bor turmushga chiqdim va farzand ko‘rdim.

Bolamga guvohnoma rasmiylashtirishda qonuniy ajrashmaganim bois sobiq turmush o‘rtog‘imning bolaning biologik otasi emasligi haqidagi yozma roziligi kerak ekan. U esa rozilik bermayapti. Qanday yo‘l tutsam to‘g‘ri bo‘ladi? 

G.A’zamova.

— Haqiqatan ham Adliya vazirining 2013 yil 31 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarida ish yuritish tartibi to‘g‘risida”gi Yo‘riqnomaning 51-bandida otalikni belgilash to‘g‘risidagi arizaga nikohda turgan erning u bilan qonuniy nikohda bo‘lgan onadan tug‘ilgan bolaga nisbatan otalikni belgilashga yoki bolaning tug‘ilishini yolg‘iz ona arizasi asosida qayd etilishiga notarial tasdiqlangan roziligi ilova qilinishi yoki u FHDYo bo‘limiga kelib bunga yozma ravishda o‘z roziligini bildirishi hamda bunday rozilik FHDYo bo‘limi rahbari tomonidan tasdiqlanishi belgilangan. 

Bu holatda siz hududingizdagi FHDYo bo‘limiga murojaat qilishingiz kerak. Shundan so‘ng, bo‘lim xodimlari qonuniy nikohda bo‘lgan turmush o‘rtog‘ingizga mazkur masalada qonun doirasida tushuntirish berib, masalani ijobiy hal qilish choralarini ko‘radi. Agar qonuniy nikohdagi shaxs  rozilik bermasa va bu vaziyatda bolaning kelajagi uchun salbiy ta’sir qilish ehtimoli aniqlansa, siz qonuniy nikohda bo‘lgan turmush o‘rtog‘ingiz nomiga farzandingizning tug‘ilganligini rasmiylashtirishingiz mumkin. 

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasinining 2016 yil 14 noyabrdagi “Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalari”ning 16, 21-bandlariga asosan bolaning tug‘ilishini qayd etish majburiy bo‘lib, barcha hollarda bolaning nasl-nasabi xususidagi nizolar sud tartibida hal qilinishi belgilangan. 

Savolga Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi yetakchi maslahatchisi Farangiz Nabirayeva javob berdi.