Qonuniylik – jamiyat ehtiyoji

Jamiyat eng avvalo, fuqarolar, ya’ni Sizu biz. Fuqaroning birinchi ehtiyoji esa erkin yashashdir. Har bir davlat va jamiyatda bu ehtiyojni qondirish yo‘lini uning Konstitutsiyasi belgilaydi va kafolatlaydi.

O‘zbekiston Konstitutsiyasi ana shunday sharafli ishga xizmat qilmoqda. Bundan tashqari, u davlatning ijtimoiy va davlat tizimini, saylov tizimini, davlat organlarining tashkil etilishi va faoliyatini, shuningdek, fuqarolarning huquq va burchlarini ham belgilab beradi.

Konstitutsiyaning qudrati shundaki, mamlakat hududida uning prinsiplariga zid qonun qabul qilinishi mumkin emas. Chunki uning har bir moddasi umumxalq muhokamasidan o‘tgandan so‘ng qabul qilingan. Shu bois bizda Konstitutsiya – baxtimiz qomusi, degan ibora bor.

Konstitutsiya yaratilajak qonunlar g‘oyasini belgilab berish barobarida mamlakat hududida taraqqiyotga ham yo‘l ochishi, ya’ni fuqaroning ehtiyojini qondirib borishi zarur. Biz buni davlatimiz siyosatidagi ijobiy o‘zgarishlarda ko‘rib, bilib turibmiz.

Misol uchun, inson qadri va erkinligini ta’minlashdagi davlat siyosatini olib qarang. Bugun O‘zbekiston fuqarosi mamlakatning istagan yerida yashashi, ishlashi, shaxsiy mulk yaratishi mumkin. Muallim, ilm ahli qadr-qimmatini ko‘tarish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar aholi tomonidan katta quvonch bilan kutib olindi. Har bir sohadagi sun’iy to‘siqlarni olib tashlash, ularni xalqaro mezonlarga moslash borasidagi hujjat va qonunlar, avvalo, shu sohada ishlayotgan fuqarolar erkin faoliyatini ham ta’minlaydi.

Jamiyatdagi tenglik, adolat va qonun ustuvorligi Konstitutsiya amalining, salohiyatining nishonasidir. Binobarin, nogironlarni, ko‘p bolali oilalarni, kambag‘allarni qo‘llab-quvvatlashga oid tadbirlar tenglikni ta’minlashda dadil qadamdir. Gender tengligida xalqaro mezonlarning qo‘llanishi, ayol himoyasi yo‘lidagi choralar ham shular jumlasidandir. Ayniqsa, muxojirlar masalasida O‘zbekiston olib borayotgan siyosat xalqaro hamjamiyat tomonidan ham ma’qullanmoqda.

Insonning erki, eng avvalo uning jamiyatga o‘z fikri, ehtiyojini ayta olishida ko‘rinadi. Bu jihatdan odilona nazar tashlasak, keyingi yillarda mamlakatda inqilobiy o‘zgarishlarga qo‘l urildi. Endi jamiyatning har bir a’zosi istagan paytida davlat idoralariga murojaat qilishi, shikoyati ijrosini talab etishiga imkon yaratildi. «Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi» davlat siyosatining asosiy shioriga aylandi. Sayyor qabullar va sektorlar davlatni xalq hayotiga, xalqni esa davlat olib borayotgan islohotlarda faol qatnashishga yaqinlashtirmoqda.

O‘zbekiston Konstitutsiyasining bugungi nufuzi unda va yangi qonunlarda jamiyatdagi barcha siyosiy kuchlar funksiyalarining ochiq-oydin, real belgilab berilayotganidir. Parlament va mahalliy kengashlar vakolati xalq fikri bilan hisoblashish muhitini yaratmoqda. Xalq vakillari o‘z anjumanlarida aholi qo‘yayotgan talablarni, muommolarni ko‘tarish barobarida ijro organlari tomonidan bu masalalar to‘la yechilishiga erishmoqda.

O‘zbekiston Konstitutsiyasi xalqchilligi bilan ham ajralib turadi. Chunki undagi normalar milliy mentalitetimiz ruhi bilan sug‘orilgan. Men Bosh Qomusimizdagi ota-onaga, boshqa millatlar tiliga hurmat, milliy merosimizga, tarixiy obidalarga munosabat haqidagi normalarni nazarda tutyapman.

Konstitutsiyaning eng katta kuchi bu uning mamlakatda haqiqiy amal qilishida. Bu jihatdan olganda O‘zbekiston Konstitutsiyasining nufuzi, qadri kundan kunga ortib bormoqda. Buning sababi, xalqaro hamjamiyatda davlatimizning reyting ko‘rsatkichlari yaxshilanishi, e’tirof etilishi, O‘zbekistonning ko‘plab xalqaro tashkilotlarga a’zo bo‘lishi bilan bog‘liq. Ammo bu holat jamiyatimiz a’zolariga yangi mas’uliyatlar ham yuklaydi. Bu mas’uliyatning eng sharafli va mashaqqatlisi har bir shaxsda Vatan, el taqdiri uchun daxldorlik hissini kuchaytirish, uchinchi renessans davriga tamal toshi qo‘yishga intilish, «Yangi O‘zbekiston – yangicha dunyoqarash» shiori ostida yashashdan iborat. Bunyodkor elimiz bunday ulug‘vor ishlarni ham uddalashiga shubha yo‘q.

Farmon TOShEV,

Oliy Majlis Senati a’zosi.