Qonunlar manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymasligi kerak

Yurtimizda jismoniy va yuridik shaxslarning to‘lovga qobiliyatsizligi, davlatda va jamiyatda korrupsiyaga qarshi kurashish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik va ularga murosasiz munosabatda bo‘lish bo‘yicha ko‘plab qonunlar va qonunosti hujjatlari qabul qilingan.

Viloyat soliq boshqarmasi Samarqand tumanlararo iqtisodiy sudi bilan hamkorlikda tashkil etilgan davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasining «To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida»gi, «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi, Qonunlari va Prezidentning «Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy-texnik ta’minotini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni mazmun-mohiyati muhokama qilindi.

Viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari F.Imomov Samarqand tumanlararo iqtisodiy sudi raisi o‘rinbosari O.Nurimov, sudya M.Tog‘ayev, shuningdek, shahar va tuman soliq inspeksiyalari xodimlari ishtirok etgan muhokamada amaliyotda yuzaga kelayotgan muammolar va ularni keltirib chiqarayotgan sabablar va ularning oqibatlari tahlil qilinib, xato va kamchiliklar hamda ularni bartaraf etish masalalari haqida so‘z yuritildi.

Davra suhbati ishtirokchilari mavzular borasida fikr-mulohazalarini bildirishdi, xato va kamchiliklarni bartaraf etish hamda yuzaga kelgan muammolarni hal etish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilash va hamkorlikda ishlarni jadallashtirish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Luqmonboy ASATOV,
Samarqand tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi.