Qonunni bilmaslik jazodan ozod qilmaydi
Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasi viloyat hududiy shu’basi va viloyat elektromagnit moslashuv xizmati xodimlari Samarqand shahar IIB profilaktika inspektorlari bilan hamkorlikda radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalardan foydalanish bo‘yicha radiomonitoring va tashqi kuzatuv tadbirlari o‘tkazdi.
- Joriy yilning o‘tgan 9 oyida 63 marta radiomonitoring tadbirlari o‘tkazildi, - deydi “O‘zkomnazorat” inspeksiyasi viloyat
hududiy shu’basi bosh mutaxassisi Rafiq Karimov. - Tadbirlarda muvofiqlik sertifikatlariga ega bo‘lmagan hamda viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan mobil aloqa operatorlarining tayanch baza stansiyalariga radioxalaqitlar hosil qilib foydalanilayotgan 21 dona mobil kuchaytirgich (repeater) qurilmalari hamda 137 dona radioelektron vositalari (ratsiya)dan noqununiy foydalanilib kelinayotganligi aniqlangan. Qurilmalardan noqonuniy foydalangan 6 nafar shaxsga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 152-moddasiga asosan ma’muriy javobgarlik ishi ko‘rib chiqilgan.
Mobil aloqa tarmoqlari signallarini kuchaytiruvchi mobil qurilmalari egalariga ular foydalanayotgan uskunalar radiochastotalar bo‘yicha texnik shartlari talablariga to‘g‘ri kelmasligi, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining “Radiochastota spektridan foydalanish sohasida ruxsat etish hamda radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalardan foydalanishni tartibga solish to‘g‘risida”gi talablar to‘g‘risida tushuntirildi. Noqonuniy foydalanib kelinayotgan qurilmalar joyidan yechib olinib, mobil aloqa operatorlarining tayanch baza stansiyalariga ta’sir qilayotgan radioxalaqitlar bartaraf etilmoqda.