Qo‘qonda o‘tkaziladigan xalqaro hunarmandchilik festivaliga Samarqanddan 61 nafar hunarmand boradi

Shu yilning 21-23 sentyabr kunlari Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida II “Xalqaro hunarmandchilik festivali” o‘tkaziladi.

Mazkur nufuzli tadbirga mohir hunarmandlar va iste’dodli yoshlarni jalb qilish maqsadida joylarda “Men Qo‘qonga boraman!” shiori ostida ikki bosqichdan iborat ko‘rgazma va ko‘rik-tanlovlar tashkil etildi. Ularda viloyatimizdan 61 nafar usta-hunarmand festivalda ishtirok etish uchun yo‘llanma oldi.

— Festival bizga faoliyatimizni yanada kengaytirib, xalqaro maydonda tanilish uchun o‘ziga xos imkoniyat, - deydi Samarqand tumanidan miniatyura va rang tasvir ustasi Mansur Nurillayev. - Misol uchun, o‘tgan safargi festivalda nafaqat mahalliy, balki Meksika, Hindiston, Shri-Lanka, Rossiya, Turkiya, Ispaniya singari o‘nlab davlatlardan mohir ustalar ham ishtirok etishgandi. Jarayonda ular bilan tajriba almashdik, ijodiy yutuqlarimiz bilan o‘rtoqlashdik. Shaxsan men Shri-Lanka, Hindiston va fransiyalik rassomlar bilan ijodiy hamkorlikni yo‘lga qo‘ydim. Navbatdagi festivaldan ham umidlarim katta.

Festival doirasida Rishton tumanida “Xalqaro kulolchilik forumi” o‘tkazilib, unda ilmiy-amaliy konferensiya, ko‘rik-tanlov, taqdimot va namoyishlar, ko‘rgazma-savdolar, teatrlashgan konsert-tomosha dasturlari, madaniy-ma’rifiy va targ‘ibot-tashviqot tadbirlari, O‘zbekistonning turli hududlariga xos bo‘lgan kulolchilik, yog‘och o‘ymakorligi, kashtachilik maktablarining taniqli ustalari tomonidan mahorat darslari ham tashkil etilishi belgilangan.