Qor gripp viruslarini yo‘q qiladimi?
Xalq orasida shunday tushuncha bor - go‘yoki qor yog‘sa gripp epidemiyasi chekinadi. Haqiqatda ham shundaymi?
Gripp, kuz-qish davrida qo‘zg‘aluvchi va sovuq iqlimni xush ko‘ruvchi, faslga doir xastalik hisoblanadi. Biroq har doim ham grippga sovuq ob-havo yoqavermas ekan. Havo harorati +4 darajadan -2 darajagacha bo‘lganda, hastalik tarqatuvchi virus o‘zini a’lo darajada his qiladi. Iqlim -2 darajadan -9 darajagacha pastlaganda gripp viruslari asta-sekinlik bilan nobud bo‘la boshlaydi. Lekin sovuq -10 darajadan –15 darajagacha yetganda gripp viruslari deyarli bir zumda nobud bo‘ladi.
Nisbatan iliq o‘tgan qishda gripp viruslari jadallik bilan ko‘paya boshlaydi. Bunday ob-havo, ayniqsa, O‘zbekiston iqlimi uchun yangilik emas. Shu sababli faslning bu davrida ko‘cha-ko‘yda yurganda niqob taqib yurish tavsiya etiladi.
Biroq ushbu ma’lumotni ham yodda saqlash zarur: bir martalik niqoblar o‘z xususiyatini 2-2.5 soatda yo‘qotadi. Grippning boshlang‘ich bosqichida va uning oldini olish uchun burun bo‘shlig‘ini 72 foizli xo‘jalik sovuni aralashtirilgan eritma bilan chayish juda samarali natija beradi. Sovun eritmasi burun bo‘shlig‘igidagi virus zarralarini tezda yo‘q qilish hususiyatiga ega. Ushbu usul biroz noqulaylik tug‘dirishi mumkin. Ammo burun bo‘shlig‘idagi gripp viruslaridan xalos bo‘lishga yordam beradi.
Issiq hammom (sauna) qabul qilish ham gripp viruslarini nobud qiladi. Hammom grippning oldini olish uchun eng samarali usullardan biri hisoblanadi. Hammomdagi issiq havo virusni samarali yo‘q qiladi. Grippning boshlang‘ich davrida sauna va hammom qabul qilish xastalikdan tezda qutulishga ko‘maklashadi.
Quyosh nuri gripp virusini 3-4 daqiqada nobud qiladi. Quyoshning ultrabinafsha nurlari deyarli barcha turdagi viruslarga salbiy ta’sir o‘tkazadi. Ayniqsa, gripp virusining unga sezuvchanligi yuqori.
Qor haqiqatdan ham grippni yo‘q qiladimi? Olimlar “shilta” va nam qor gripp viruslarining ko‘payishiga sabab bo‘lishini aniqlashgan. Chunki gripp virusi nam havoda tez ko‘payadi. Lekin “g‘ichirlagan”, yangi yoqqan qor va sovuq iqlim yuqumli xastaliklarning oldini olishga samarali xizmat qilar ekan.
Eslatma: gripp xastaligi boshlang‘ich davridan o‘tib ketgan bo‘lsa, yuqorida ko‘rsatilgan ma’lumotlar foyda bermasligi mumkin. Gripp juda xavfli kassalik hisoblanib, uning alomatlari kuzatilgan holatlarda shifokor qabuliga borish tavsiya etiladi. Grippni o‘zboshimchalik bilan davolash tavsiya etilmaydi.
Bekzod MUSURMONOV tayyorladi.