Qorabog‘ fojiasi
Ba’zan kishi miyasiga g‘alati g‘aroyib fikrlar keladi. Aytaylik, nemis xalqini dunyoning eng ustun millatiga aylantirish yoki hokimiyatni yalangoyoqlarga olib berib, hammani tenglashtirib, yer kurrasida kommunizm qurish...
1988 yilda sobiq SSSRda qayta qurish boshlanib, biroz erkinlik shabadasi esa boshlagach, qaysidir bir kaltabin nodonning xayoliga Ozarbayjon SSR tarkibidagi ko‘pchilik armanilar istiqomat qiladigan Tog‘li Qorabog‘ avtonom viloyatini respublikadan ajratib olib, Armanistonga qo‘shish g‘oyasi tug‘ildi va bu borada harakat boshlandi. O‘rni kelganda shuni ham aytish kerakki, bu zaharolud g‘oyani mahalliy armanilar emas, balki, xorijda yashovchi millatdoshlari ko‘tarib chiqishdi. Hozir dunyo miqiyosida 12 million nafar armani millatiga mansub aholi bo‘lib, ularning uch millionga yaqini Armanistonda istiqomat qiladi. Yana 7-8 milliondan iborat kripto(chala) armanilarni qo‘shib hisoblaydigan bo‘lsak, qariyb 17 million o‘zini armani deb biladigan kishilar Armanistondan tashqarida yashaydi. AQSh, Fransiya, Rossiyada million-million kishilik arman diasporalari mavjud va ular ushbu mamlakatlarda katta siyosiy-iqtisodiy nufuzga ega. Masalan, Rossiya federal televizion kanallarida xizmat qilayotgan ko‘pchilik jurnalistlar armanlardir. Xorij uchun xabarlar tayyorlaydigan “Rasha Tudey” televizion kanali rahbari Margarita Simonyan, qolaversa, Rossiya tashqi ishlar vaziri Lavrov (asl familiyasi Kalantaryan) armani milatiga mansubdirlar. Bu holat tarixiy an’ana bo‘lib, Rossiya va SSSR tarixida muhim rol o‘ynagan Shaumyan, Bagramyan, Mikoyan singari davlat arboblari va harbiy sarkardalar haqida biz – keksa avlod vakillari yetarli ma’lumotlarga egamiz.
Xullas, chetdan turib suvni loyqalatadigan nokaslarning kasri oqibatida bir-biri bilan inoq yashab kelayotgan ikki xalq orasida jiddiy millatlararo mojaro keltirib chiqarildi. 1991-1994 yillarda ushbu ziddiyatlar to‘laqonli harbiy to‘qnashuvga aylandi va mintaqadan ozarbayjon va boshqa millat vakillari siqib chiqarildi. Natijada, Ozarbayjondan mustaqil, faqat armanilar yashaydigan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi tuzilganligi e’lon qilindi. Garchand bu yasama davlatchani dunyoda hech kim tan olmagan bo‘lsa-da, u o‘zicha o‘z armiyasi, konstitutsiyasi, davlat ramzlariga ega bo‘lgan mamlakat sifatida Armaniston respublikasiga qo‘shilib yashay boshladi.
Shubhasiz, o‘sha paytda ichki muammolariga o‘ralashib qolgan mustaqil Ozarbayjon davlati Rossiya ko‘magidagi yaxshi qurollanib olgan ayirmachi kuchlarga munosib qarshilik ko‘rsatolmadi va respublikaning yigirma foiz yeri separatchilar tomonidan egallab olindi. Oqibatda Janubiy Kavkazda yana bitta notinch olovli nuqta paydo bo‘ldi. Bu esa Moskvaning uzoqni ko‘zlab yurgizayotgan siyosatiga batamom mos kelardi.
Birinchidan, mintaqada notinch vaziyatni vujudga keltirish, ikkinchidan, ikki qo‘shni xalqni bir-biriga o‘chakashtirib qo‘yish, uchinchidan, Yevropa hamjamiyati sari intilayotgan armani va ozarbayjon xalqlarini bu yo‘ldan tiyib qo‘yish. Chunki Yevropa Ittifoqi nizomiga asosan, ichki va tashqi nizolari bo‘lgan davlatlar hamjamiyatga qabul qilinmaydi.
Hozirgi vaziyatda ushbu masala bo‘yicha dunyo ikki qismga bo‘linib ketdi. Yarmisi Armanistonni yoqlayotgan bo‘lsa, yarmi Ozarbayjonni himoya qilib chiqmoqda. Hatto, bir paytlar Qorabog‘ni egallashda rus armiyasi armanilarga katta yordam berganligi haqida tap tortmay yozgan rossiyalik haqgo‘y publitsist Aleksandr Nevzorov va jurnalist Yuliya Latinina ham, negadir, armanlar tomoniga o‘tib olishdi. Men ularni tushunaman, chunki ular uchun diktator Aliyevdan ko‘ra demokrat Pashinyan yaqinroq. Ammo Nevzorovning o‘zi demokratiya bayrog‘i ostida dunyoda ko‘p qabihliklar amalga oshirilayotgani haqida tinimsiz yozayotganligi ham bor gap.
Ushbu masalada, faqat bitta tayanch nuqtai nazar yuzasidan baho berish mumkin. U ham bo‘lsa, xalqaro huquq va shartnomalar asosidagina fikr yuritish joiz.
1975 yilda Finlandiyaning Xelsinki shahrida chaqirilgan Yevropa va Shimoliy Amerika davlatlari xalqaro kengashida Ikkinchi jahon urushidan keyingi dunyo mamlakatlari chegaralari bundan buyon daxlsiz hamda qat’iy deya e’lon qilingan va bunga 35 davlat boshliqlari, jumladan sobiq SSSR rahbari Leonid Brejnev ham o‘z imzosini qo‘ygandi.
Afsuski, yillar o‘tishi bilan ushbu mo‘’tabar xalqaro hujjat oyoqosti qilindi. Sobiq SSSRga o‘zini qonuniy voris deya e’lon qilgan Rossiya Federatsiyasi Ukrainadan Qrim yarim oroli va Donbass hamda Lugansk viloyatlarini ajratib oldi. Janubiy Osetiya va Abxaziya Gruziyadan, Pridnestrove esa Moldaviyadan qurolli to‘qnashuvlar vositasida tortib olindi.
Shu o‘rinda bitta tarixiy faktni eslatib o‘taman. 1990 yilda Berlin devori qulab, GFR va GDR ixtiyoriy (!) ravishda birlashganida, Buyuk Britaniya premer ministri Margaret Tetcher bunga qat’iyan qarshi chiqqan edi. Vaholanki, u bundan sevinishi kerak emasmidi?! Yo‘q. U dono siyosatchi sifatida besh qadam oldinda nima borligini ko‘ra bilgandi. Natijada, Yevropada chegaralarni qayta taftish qilish boshlanib ketdi. Yugoslaviya urush olovi ichida qoldi, Chexoslovakiya ikkiga bo‘linib ketdi, Serbiya, Kosovo, Xorvatiya, Bosniya, Gersogovina va Chernogoriyada begunoh insonlarning qoni daryo bo‘lib oqdi. Bugungi kunda ham chegaralarni qayta taftish qilish iddaosi asosida Italiya, Fransiya, Ispaniya, Buyuk Britaniya, Gollandiya singari Yevropa mamlakatlarining hududiy yaxlitligi shubha ostiga olinmoqda.
Shu ma’noda, keyingi davrda qaror topgan davlat chegaralarini qayta ko‘rib chiqishga urinish katta-kichik urush-janjallarni keltirib chiqarmoqda. Birgina Ukrainada 2014 yildan buyon qariyb 15 ming odam qurbon bo‘ldi.
Tog‘li Qorabog‘ mojarosini ham shu asosda ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, Ozarbayjonning hududiy yaxlitligiga daxl qilinib, uning bir qismi noqonuniy yo‘l bilan ajratib olinishi juda katta xato bo‘lgan. Xalqaro hamjamiyat va atrofdagi yirik davlatlar ushbu xatoni tuzatishi va shu bilan birga qaysi respublikalarning hududlari noqonuniy tarzda tortib olingan bo‘lsa, o‘z egalariga qaytarilishi kerak.
Umuman, BMT (Birlashgan millatlar tashkiloti) joriy davlat chegaralari va hududiy yaxlitlikning daxlsiz ekanligi masalasini kun tartibiga qo‘yib, nufuzli xalqaro kengash chaqirishi lozim.
Xudoyberdi KOMILOV,
"Zarafshon" gazetasining siyosiy sharhlovchisi