Qorako‘lchilik naslchiligi sohasida ispaniyalik olimlar bilan hamkorlik qilinadi
Ispaniyaning “OVIGEN” va “WES” kompaniyalari rahbar va vakillari Samarqand veterinariya meditsinasi institutiga tashrif buyurdi.
Ushbu kompaniyalar Ispaniya Qirolligining naslchilik va genetika sohasida yetakchi korxonalaridan hisoblanadi va ular yaratgan qo‘y (ASSAF) zoti mahsuldorligi yuqoriligi bilan ajralib turadi. Kompaniya genetika sohasida katta tajribaga ega va bugungi kunda dunyoning ko‘plab mamlakatlarga urug‘ va embirionlarni eksport qiladi.
- Bizda bu soha ancha rivojlangan, - deydi Ispaniya Naslchilik va genetik takomillashtirish markazining veterinariya va reproduksiya bo‘limi direktori Xose Manuyel Vaskes Ernandes. - Mamlakat iqtisodiyotida xususiy tarmoq ulushi davlatnikidan katta, erkin raqobat muhiti shakllangan va bu holat chorvachilik rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Chorvachilikda genetika va naslchilikning ilmiy asoslarini rivojlantirmasdan samarali faoliyatni ta’minlash imkonsiz. Buning uchun esa zamonaviy laboratoriyalar, malakali mutaxassislar hamda bozor iqtisodiyoti qonunlariga asoslangan sog‘lom raqobat muhiti zarur.
Mehmonlar institut faoliyati bilan ham tanishdi. Ta’lim maskani salohiyati, o‘quv va ilmiy laboratoriyalar, professor o‘qituvchilarning ilmiy izlanishlari haqida ma’lumotga ega bo‘ldi.
Tashrif davomida hududlarda mayda shoxli nasldor mollar yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi qorako‘lchilik naslchilik jamiyatlari, naslchilik ilmiy tajriba stansiyalari hamda klasterlar faoliyati o‘rganilib, sohada amalga oshirilayotgan seleksiya ishlari va tajribalar muhokama qilindi.
SamVMI axborot xizmati.