Qo‘rqib yashagan xalqdan buyuklar chiqmaydi

Samarqand davlat universitetining katta o‘qituvchisi, falsafa fanlari nomzodi Farhod Nabiyev baxt haqida qiziq bir narsani aytib qoldi:
– Inson o‘zini qachon baxtli sanaydi? Sog‘-salomat, oilali, bola-chaqali bo‘lsami? To‘g‘ri, bularning hammasi baxtning ko‘rinishlari. Ammo inson o‘zini faqat va faqat bexavotir his qilganida, hech narsadan qo‘rqmasagina baxtli his qiladi!
Domla bir tajribani ham aytib berdi:
– Bir joyda ikki qo‘y bir xil yem, suv bilan parvarish qilinibdi. Biri juda semirib ketibdi. Ikkinchisi, qafasining bir chetiga bo‘ri bog‘lab qo‘yilgani esa garchi, narigisi bilan bir xil parvarish qilinsa-da, ozib-to‘zib boraveribdi. Nihoyat... o‘lib qolibdi.
Bo‘ridan ko‘z uzmay, qaltirab turgan qo‘y ko‘z oldimga keladi. Ana shu qo‘y menman, deyman o‘zimga o‘zim! Ana shu qo‘y bizmiz, deyman!
Kommunistlar “Oz qoldi, hademay sovet xalqi kommunizmda yashaydi”, deb bizni aldadi, ishondik. Ammo qo‘rqib yashadik. Bir gapni aytgan odamni Moskvaga olib ketishdi, qaytib ko‘rmadik. KGB degan idora chaqirgan odam uydagilar bilan vidolashib ketardi va ... qaytmasdi.
Mustaqil bo‘ldik!
27 yil bir inson mamlakatdagi kamchilikni aytolmadi! Ayta oladigani chiqsa, yoshligi “Jasliq”da o‘tib ketdi. O‘qigan namozi uchungina ming-minglab yoshlar “Borsa kelmas”ga borsa kelmas bo‘lib ketdi.
Biror kishi “Bu bolalarning aybi yo‘q, bular vahobizm nima, ekstremizm nima, terrorizm nima, bilmaydi”, deya olmadi.
Yaqinda tanishimning o‘g‘li qaytdi. O‘sha, 17 yoshida namoz o‘qigani uchun qamalib ketgan o‘smirni ko‘raman, degan xayol bilan uyiga bordim. Menga o‘sha yigit, deb yoshi 40 ga borib qolgan, sochlari to‘kilib, tishlari tushgan, ichiga chuqur botib ketgan ko‘zlarida mung qotib qolgan, arvohbashara bir “chol”ni ko‘rsatishganida yig‘lab yubordim!
Bu yigit qaytdi. Ko‘plar shunchaki yo‘qolib ketdi. Tekis yo‘lda “avtohalokat”ga uchradi. Ayrim duppa-durust odamlar jinnixonalarga tushdi.
Bular hamma yoqni chiritib yuborishdi, deya olmadik!
Kerak bo‘lsa, “stolba”ni ham olib borib qamashyapti, deya olmadik!
Qo‘rquv bizning yuraklarimizgacha tomir otdi.
27 yil bo‘ridan qo‘rqib, burchakka qisilib, titrab-qaqshab yashadik!
Ana shu qo‘rquvning tomirini hanuz yulib tashlay olmayapmiz!
“Endi hech narsadan qo‘rqmanglar! Haqiqatni aytinglar! Ko‘proq tanqid qilinglar!”
Bu gaplarni O‘zbekiston Prezidenti aytdi! Bir necha bor aytdi!
Ammo qani, kim aytdi haqiqatni?
Qaysi jurnalist bo‘layotgan qing‘ir ishlarni tanqid qilib chiqdi?
Hech kim, hech qachon haqiqatni aytmaydi, tanqid ham qilmaydi!
Qaytanga hamma maddohlik qiladi, qarsak uradi! Shunchalikki, qo‘llari qavarib ketadi. Qo‘llari kamlik qilganlar yelkalari bilan qo‘shilib, silkinib-silkinib, qarsak uradi!
Ammo, o‘sha birinchi raqamli maddohlar Prezidentning qo‘lidan eng oliy nishonlar, orden, medallarni oladi. Buni ko‘rib turgan oddiy xalq, jurnalist tanqid qiladimi? Haqiqatni aytadimi?
Ikki dunyoda aytmaydi! Jimgina qarsakni gumburlatadi...
Televizorni ko‘ring! Unda ko‘rsatilayotgan O‘zbekiston – Susambil-ku?! Kamchilik yo‘q, nuqson yo‘q. Hamma yoq go‘zal, odamlar shod-xurram! Hamma ko‘p go‘sht yeyapti...
Haqiqatni aytish, tanqid qilish hech kimga yoqmaydi! Meni tanqid qiling, degan odamning o‘ziga ham yoqmaydi.
Bo‘lmasa, hamma ko‘rib, bilib, sezib turibdi. Bir jurnalist hatto bir maqola e’lon qilib, ochiqchasiga yozdi ham. Gulnora Karimovaning o‘rniga yangi opani xalqning o‘zi, OAVning o‘zi yaratib olganini. Opa ishlaydigan vazirlikning vaziri qolib, hamma opani maqtayotganini. Opa o‘zining yaqinlariga yozgan oddiy tabrik eng ulug‘ nashrlarda buyuk bir shoh asardek e’lon qilinayotganini.
Men bularni nega yozdim?
Katta yoshlilarni endi o‘zgartirib bo‘lmaydi. Kattalarning qalbidagi qo‘rquvni endi hech kim ketkiza olmaydi. Katta maddohlarning tili endi hech qachon madhiya, maqtovdan boshqa narsaga yaramaydi.
Hamma umid yoshlardan, yosh avloddan.
Ammo ularni kim hech narsadan qo‘rqmaydigan qilib tarbiyalaydi?
Faqat va faqat MUALLIM!
Muallim maktabda yosh avlodga bilim berish davomida ularning qalbiga dovyuraklik, jasurlik, mardlik urug‘larini qadashi kerak!
“Siz ozgina qo‘shin bilan hisobsiz Chingiz lashkariga qarshi chiqa olgan Jaloliddin avlodlarisiz!”, “Siz hindlarning fillar bilan qurollangan hisobsiz qo‘shinini tor-mor qilgan Mirzo Bobur vorislarisiz!”, “Siz o‘risning mo‘r-malaxday armiyasiga qarshi chiqa olgan va xalqning or-nomusini saqlash yo‘lida jonidan kechgan Muhammadamin beklarning, Shermuhammad beklarning, Ibrohim beklarning nabiralarisiz!”, “Siz ayol boshi bilan o‘ris bosqinchilarini tirqiratgan Qurbonjon Dodxohning davomchilarisiz”, deyishi kerak, muallimlar!
O‘quvchilar qalbida bu jasorat olovini faqatgina muallim yoqa oladi!
O‘quvchilar ruhiga jangovarlik ruhini faqatgina muallim singdira oladi!
Agar shunday qilinmasa, yana ming yillab Amir Temur, Ulug‘bek, Manguberdi va Bobur bilan, faqat ularning nomi bilangina kerilib yuraveramiz. O‘zbekdan yangi Temur, yangi Ulug‘bek, yangi Jaloliddin, yangi Bobur chiqmaydi! Qo‘rqib yashagan xalqdan buyuklar chiqmaydi!
Farzandlarimizni, yurt kelajagi ularning qo‘lida bo‘ladigan nevaralarimizni ana shunday mard va jasur, muhimi, hech narsadan qo‘rqmay yashaydigan, Prezidentga ham to‘g‘ri gapni ayta oladigan, kattakonlarni ko‘rsa, it kabi dumini likkilatmaydigan, bobolari va otalari kabi maddohlik, qarsakbozlik qilmaydigan, O‘zbekistonning kelajagini buyuk qilib bera oladigan avlodni tarbiyalab berishda O‘zbekiston o‘qituvchilariga kuch-quvvat, bardosh, iroda tilayman!
Umid sizdan, aziz muallim!