Qo‘shnichilik - ming yilchilik: Samarqandning bir qator mahallalarida millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni ta’minlashga bag‘ishlangan madaniy tadbirlar o‘tkazilmoqda

Samarqand tumanining Gulobod va Dehnav mahallalarida Ramazon hayiti munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
"Qo‘shnichilik - ming yilchilik" shiori ostida tashkil etilgan tadbirlarda viloyat hokimligi tashkil nazorat guruhi rahbari Bekzod Rahmatullayev, tuman hokimi Sirojiddin Usmonov va boshqa bir qator idora-tashkilot, madaniy va ijodiy markazlar rahbarlari ishtirok etdi.
So‘zga chiqqanlar mamlakatimizda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni ta’minlash, do‘stlik muhitini yanada yaxshilash, yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash borasida amalga oshirilayotgan ishlar samarasi haqida to‘xtaldi. Bugungi osoyishtalik va farovonligimiz ko‘p jihatdan xalqimizning birligi, hamjihatligi hosilasi ekanligi, uni asrab-avaylash barchaning burchi ekanligi ta’kidlandi.
Tadbirlarda amaliy san’at va hunarmandchilik buyumlari ko‘rgazmalari tashkil etildi. “Varraklar sayli”, milliy o‘yin va sport chiqishlari o‘tkazildi.
“Adabiy ko‘prik” kompozitsiyasi asosida qo‘shni xalqlarning adabiy merosini aks ettiruvchi kitoblar ko‘rgazmasi tashkil etilib, yoshlar o‘rtasida millatlararo do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlashga qaratilgan rassomlik hamda kitobxonlik tanlovlari o‘tkazildi.
- O‘tgan yili tuman bo‘yicha eng namunali oila bekasi deb, topilgandim, - deydi Shoira Ahadova. - Hozir mahalla nuroniysi sifatida yoshlarga bilimim, hayotiy tajribamni ulashmoqdaman. Bundan tashqari, 5 ta kam ta’minlangan oila bilan ishlayman. Hukumatimiz tomonidan munosib hayot kechirish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Biz shundan to‘g‘ri foydalanishimiz, bugungi farovonlikning qadriga yetishimiz kerak.
- Tojik va o‘zbek xalqining tarixi, madaniyati, hayot tarzi bir, - deydi O‘zbekiston va Tojikiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, "Durdonai Sharq" jurnali muharriri Asadullo Shukurov. - Buni madaniyat va ma’rifat sohasida ham ko‘rish mumkin. Qadimda va hozir ham aksariyat shoiru yozuvchilarimiz ikki tilda bir xil ijod qilishadi. Ikki millat o‘rtasidagi madaniy aloqalar kun sayin mustahkamlanib bormoqda. Jarayonda shu kabi tadbir va sayillarning ham ahamiyati katta.
Tadbirda teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari, turli millat vakillarining folklor-etnografik ansambllari badiiy chiqishlari, milliy maqom, raqs va xalq og‘zaki ijodiyoti namunalari ijrosi tashkil etildi.
“Mehr-oqibat dasturxoni” shiori ostida turli millatlarning milliy taomlari ko‘rgazmasi o‘tkazildi.
***
Ramazon hayiti munosabati bilan millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni ta’minlash, do‘stlik muhitini yanada yaxshilash maqsadida o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy va madaniy tadbirlar Urgut tumanida ham o‘tkazilmoqda.
Jumladan, tumandagi qo‘shni Tojikiston bilan chegaradosh mahallalardan biri bo‘lgan Tinchlik mahallasida bayram shodiyonalari tashkil etildi.
Tadbirda mahalliy aholi bilan birga Tojikiston, Turkiya, Yaponiya va Koreyadan kelgan mehmonlar ishtirok etmoqda.
Konsert dasturlari, teatr tomoshalari, milliy sport musobaqalari va ko‘rgazmalar barchaga manzur bo‘lmoqda.
Tadbirda O‘zbekiston mahallalar uyushmasi mas’ul xodimi Suyarjon Qurbonqulov, uyushmaning viloyat boshqarmasi boshlig‘i Sherali Yo‘ldoshev, O‘zbekiston xalqaro Islom akademiyasi birinchi prorektori Habibullo Sa’dibaqoyev va tuman hokimligi mas’ullari ishtirok etmoqda.
Tadbirlar tumanning Vatkan-Qo‘zibek, Rahmatobod, Chep Mirzabog‘lon tumanlarida ham davom etmoqda.