Qo‘shrabot, Narpay, Paxtachi, Toyloq, Urgut tumanlarida nodavlat umumta’lim maktablari yo‘q

Samarqand viloyatida 264 ta nodavlat ta’lim muassasalari mavjud bo‘lib, ulardan 184 tasi maktabgacha ta’lim tashkiloti, 15 tasi maktabdan tashqari ta’lim, 25 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi, 40 ta kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash muassasasi sanaladi.

Shuningdek, viloyatda nodavlat oliy ta’lim muassasasi yo‘q. Bu haqda viloyat Matbuot uyida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

- Nodavlat oliy ta’lim muassasasi ochish talablaridan biri – bankdagi hisob raqamida kamida 150 ming AQSh dollari yoki shu miqdor ekvivalentidagi mablag‘ bo‘lishi lozim, - dedi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Samarqand hududiy bo‘limi boshlig‘i G‘ayrat Boboxolov. – Hozircha qonunda belgilangan talablarga javob beradigan tadbirkor yo‘qligi sababli viloyatimizda nodavlat oliy ta’lim muassasasi yo‘q. Shuningdek, viloyatda 25 ta nodavlat umumta’lim maktablari faoliyat yuritmoqda. Nodavlat maktablar soni va ulushi bo‘yicha Samarqand shahrida 12 ta, Kattaqo‘rg‘on shahrida 3 ta, Bulung‘ur, Ishtixon tumanlarida 2 tadan, Kattaqo‘rg‘on, Nurobod, Oqdaryo, Payariq, Past Darg‘om va Samarqand tumanlarida 1 tadan maktablar mavjud. Bugungi kunda Qo‘shrabot, Narpay, Paxtachi, Toyloq, Urgut tumanlarida nodavlat umumta’lim maktablari mavjud emas.

Joriy yil yakuniga qadar yangidan ochilishi rejalashtirilgan va litsenziya olish uchun ariza bergan, litsenziya talab va shartlarini bajarishda kamchiliklar aniqlangan va muammolarni bartaraf etayotgan nodavlat maktablar soni 5 ta. Jumladan, Samarqand shahrida 2 ta, Narpay, Past Darg‘om va Urgut tumanlarida bittadan.

2020 yilda jami nodavlat maktablar soni 15 ta bo‘lgan bo‘lsa, 2022 yil may holatiga maktablar soni o‘ntaga ko‘paygan.