Qo‘shrabotdagi ayrim maktablarning yangi o‘quv yiliga tayyorgarligi qoniqarsiz

Ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, maktablarni zamonaviy ta’lim muassasalariga aylantirish, ularga ko‘maklashish keyingi ikki yildan buyon o‘ziga xos harakatga aylandi.

Bu borada Qo‘shrabot tumanidagi ta’lim muassasalarida ham yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik, kuz-qish mavsumini barqaror o‘tkazish bo‘yicha berilgan topshiriqlar va tavsiyalar asosida amalga oshirilayotgan ishlar natijadorligi yuzasidan Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Saidahmad Usmonov rahbarligida boshqarma xodimlaridan iborat ishchi guruhi a’zolari tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi.

Qo‘shrabot tumanidagi 90-umumta’lim maktabida maktab direktorlari hamda tuman xalq ta’limi bo‘limi mas’ul xodimlari ishtirokida karantin qoidalariga qat’iy rioya qilgan holda mazkur o‘rganish ishlarining yakuniga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Unda so‘zga chiqqan viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Saidahmad Usmonov ta’lim sifati va samaradorligini oshirishda, avvalo, o‘qituvchilarning mutaxassisligi bo‘yicha bilimini mustahkamlash, ularni doimiy ravishda o‘z ustida ishlashini tashkil etish dolzarb vazifa ekanligini ta’kidladi. Bu borada maktabda ustozlar bellashuvini muntazam o‘tkazish, direktorning mas’uliyatni his etib, har tomonlama nazorat qilish lozimligini uqtirdi.

Shuningdek, yillar davomida real holatni yashirib, maktabning yangi o‘quv yiliga, kuz-qish mavsumiga tayyorligi haqida haqiqatdan yiroq hisobotlar berilgani oqibatida muammolar ko‘lami kengayib kelganini ta’kidladi. O‘rganishlar davomida bu kabi muammolarga aniqlik kiritilayotgani, o‘z vazifasiga sovuqqonlik bilan yondashib kelayotgan direktorlar faoliyatiga tanqidiy baho berilib, ularning harakatga kelishiga imkon yaratayotganini qayd etdi.

Shundan so‘ng, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Elmurod Suyarovning boshqarma ishchi guruhi a’zolarining o‘rganish natijalari bo‘yicha hisoboti tinglandi.

Ta’kidlanganidek, ishchi guruhi a’zolari tomonidan tumandagi 72 ta maktablar (umumiy soniga nisbatan (81 %) o‘rganildi.

O‘rganish xulosalariga ko‘ra, tumandagi maktablarning 16 tasida (18 %)  yangi o‘quv yili va kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari uyushqoqlik bilan tashkil etilib, ta’lim muassasa direktorlari tashabbuskorligi hamda jamoasining mehnatsevarligi evaziga maktablarni tayyor holatga keltirgan. 

Shu bilan birga, 40 ta (45 %) maktablarning direktorlari bugungi zamon talabiga mos rahbar bo‘lmaganligi, dangasaligi va jamoasini ergashtira olmaganligi oqibatida, maktabdagi barcha ishlar o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. 16 ta (18 %) maktablarda yangi o‘quv yili va kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari boshlangan, lekin oxiriga yetkazilmagan.

S.Usmonov o‘zibo‘larchilik kayfiyatida ish olib borgan va o‘tgan yillardan buyon ogohlantirishlarga qaramasdan, maktabda hamon "burjuyka" pechlarini saqlab kelayotgan 6 nafar direktorga nisbatan intizomiy jazo berish bo‘yicha topshiriq berdi.

Umumta’lim muassasalarida ta’lim sifatini mustahkamlash, bitiruvchilarning oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish ko‘rsatkichlarini oshirishga doir tavsiyalar berdi.

Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi ishchi guruhi a’zolarining viloyatning eng chekka hududlarida joylashgan maktablardagi haqiqiy holatni o‘rganish ishlari davom etmoqda.

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.