Qo‘shrabotdagi bitta maktabdan besh nafar o‘quvchi mental arifmetika bo‘yicha xalqaro musobaqada g‘olib bo‘ldi
Dubayda maktab o‘quvchilari o‘rtasida mental arifmetika bo‘yicha xalqaro olimpiada bo‘lib o‘tdi.
Musobaqada Qo‘shrabot tumani 26-umumta’lim maktabining 5 nafar o‘quvchisi g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy oldi. Bugun yosh matematiklar Samarqandga qaytib kelishdi.
- Bu o‘quvchilarimizning xalqaro maydonda erishgan muvaffaqiyatlarining birinchisi emas, - deydi g‘olib o‘quvchilarning maktabdagi ustozi Rohila Rustamova. – Shu yil iyul oyida Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tgan xalqaro musobaqada g‘olib bo‘lgandik. Umuman, mazkur musobaqada o‘quvchilarimga oson bo‘lmadi. Raqiblari Osiyo va yevroosiyolik o‘quvchilar edi. Shunga qaramay, 300 nafar o‘quvchilar ichida g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy olib, barchamizni xursand qilishdi. Bu muvaffaqiyatlarimizning boshlanishi, hali eng katta yutuqlarimizning barchasi oldinda.
Musobaqada Bobur Yo‘lliboyev birinchi, Nigina Abdusalomova ikkinchi, Sarvarbek Quvondiqov, Marjona Lapasova hamda Kamron Karomatov uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Barchasi 26-maktab o‘quvchilari.