Qo‘shrabotlik yoshlar Xitoyda o‘qiydi
Avval xabar qilganimizdek, 11-16 dekabr kunlari viloyat hokimi Erkinjon Turdimov boshchiligidagi delegatsiya a’zolari Xitoyda bo‘lib qaytdi. Ular orasida viloyatimizning bir nechta tuman hokimligi vakillari ham bor edi.
Tashrif doirasida Qo‘shrabot tumani hokimligi bilan Xitoy Xalq Respublikasining Hebei texnologiya universiteti o‘rtasida bir qator kelishuvlar imzolangan edi.
Kelishuv asosida tumanning bir guruh yoshlari mazkur oliy ta’lim muassasasida imtiyozli ravishda o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ldi, - deydi tuman hokimi o‘rinbosari Xolbek Ko‘bayev. – Bugungi kunda universitet biznes boshqaruvi, marketing, aloqa muhandisligi, turizm va boshqa shu kabi 10 ga yaqin yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘shrabotlik yoshlarni o‘qishga taklif etyapti. Ular grant asosida o‘qish bilan birga, talabalar turarjoyi va boshqa bir qator imtiyozlardan foydalanish imkoniyati mavjud.
Ayni paytda talabgorlarni ro‘yxatga olish boshlangan. Ular fevral oyida xitoylik mutaxassislar tomonidan ingliz tilida onlayn suhbatdan o‘tkaziladi va sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan 40 nafar yosh Xitoyga jo‘nab ketadi.
Ular mart oyidan boshlab universitet qoshidagi xitoy tilini o‘rgatish kurslarida ta’lim oladi. Sentyabr oyida mutaxassislik bo‘yicha darslar boshlanadi. O‘qish 3 yil baklavr va 1 yil magistratura yo‘nalishida, jami 4 yil davom etadi.
To‘lqin Siddiqov.