Qo‘shrabotning Chimmos mahallasida “IT shaharcha”

Bugungi yosh avlod raqamli texnologiyalarsiz hayotini tasavvur qilolmaydi. Ularning har bir hatti- harakati texnologiyalar bilan bog‘liq. Hatto bir yoshga ham to‘lmagan bolalar bugun mobil telefonlarni qanday boshqarishni yaxshi biladi. Ha, bugungi bolalar– axborot asri bolalari.

Afsuski, har qanday yangilikdan to‘g‘ri va oqilona foydalanilsagina, u yaxshi natija berishi, insoniyatga naf keltirishi mumkin. Aks xolda uning foydasidan ko‘ra zarari ko‘proq bo‘lish ehtimoli bor. Ana shularni hisobga olgan holda bugun yoshlarni IT sohasiga to‘g‘ri yo‘naltirish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Buning uchun har bir hududda o‘quv markazlari ochilib, mutaxassislar tomonidan o‘quv kurslari tashkil etilyapti. 

Davlatimiz rahbarining 2024 yil 15 maydagi “Hududlarda yoshlarga raqamli texnologiyalar va xorijiy tillarni o‘rganish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratishga qaratilgan “ IT shaharcha”lar faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq har bir viloyatda 1 tadan “IT shaharcha”larni tashkil etish belgilangan.

Qaror asosida Samarqand viloyatidagi olis Qo‘shrabot tumanining Chimmos mahallasi tanlab olingan edi. Kuni kecha “Chimmos” MFY hududida “IT shaharcha”ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Olib borilgan qurilish va obodonlashtirish ishlari natijasida 35 sotix bo‘sh va foydalanilmayotgan yer maydonida yoshlarning IT va xorijiy tillarni o‘rganishi uchun barcha sharoitga ega “IT shaharcha” tashkil etildi.

“IT shaharcha”ning rasmiy ochilish marosimida Raqamli texnologiyalar vazirining o‘rinbosari R.Karimjonov, Samarqand viloyat hokimining o‘rinbosari X.To‘xtayev, Qo‘shrabot tumani hokimi D.Shakarboyev, tuman faollari hamda aholi va yoshlar ishtirok etdi.

Mazkur IT shaharcha zamonaviy texnologiyalar asosida jihozlangan bo‘lib, u yerda yiliga 1000 nafarga yaqin yoshlar dasturlash, grafik dizayn, kompyuter savodxonligi kabi sohalarda chuqur bilim olishadi. Shuningdek, ingliz tili va boshqa xorijiy tillarni ham bepul o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

N.Rahmonova, O‘zA