Qotil kelin o‘n ikki yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi
Ayol kishining bunday jinoyatga qo‘l urishi, albatta, har qanday kishini larzaga soladi. Ayniqsa, jinoyat sodir etgandan so‘ng bu qilmishini ustamonlik bilan yashirishga urinishi kishida unga nisbatan nafrat uyg‘otadi.
U bu xonadonga kelin bo‘lib tushganidan beri, ya’ni 2006 yildan buyon qaynonasi bilan birga istiqomat qilgan. Oilada kelishmovchiliklar bo‘lgan. Qaynona hovlining yarmini sotib, uni qiziga rasmiylashtirib bergach, o‘rtada o‘zaro nizolar avj olgan. Ammo guvohlar fikriga tayanadigan bo‘lsak, qaynona o‘g‘lini va kelinini bu hovlidan chiqarib yuborish niyatida bo‘lmagan. O‘zaro kelishmovchilik esa davom etavergan. Shunday kunlarning birida qulay fursatni poylab, uyda hech kim yo‘qligidan foydalangan kelin qaynonasiga ketma-ket pichoq sanchadi. Qiziq, u pichoq sanchayotganda turmush o‘rtog‘ining onasiga emas, balki o‘z hayotiga ham zomin bo‘layotgani, jajji qorako‘zlari, oilasini ham parokanda qilayotganini o‘ylaganmikan? Nazarimda, o‘ylamagan. Sababi, qaynonasini o‘ldirgandan so‘nggi xatti-harakatlari bunday o‘ylashga izn bermaydi. U go‘yo mohir jinoyatchiday murdani plyonkaga o‘rab, yerto‘laga tushirishga harakat qiladi. Yanayam dahshatlisi, bu ishni amalga oshirish uchun voyaga yetmagan, hali 12 yoshga ham kirmagan o‘g‘illaridan yordam so‘raydi. Buvisining murdasini ko‘rib, qo‘rqqan bolakaylar onasiga yordam berishdan bosh tortadi. Onasi esa ularga bu gapni hech kimga aytmaslikni tayinlaydi. Uyiga turmush o‘rtog‘i kirib kelganda ham go‘yo hech narsa bo‘lmaganday o‘zini tutadi. Qaynonasini esa uzoqroq qarindoshlarinikiga mehmondorchilikka ketganini kiprik qoqmay aytadi. Oradan uch-to‘rt kun o‘tgach, kelin yerto‘ladagi murdani bu yerdan chiqarib tashlash kerakligi haqida reja tuzadi. Ko‘chadagi taksi haydovchilaridan birining raqamini olib, uyida ta’mirlash ishlari olib borayotganini, shuning uchun ba’zi narsalarini qarindoshinikiga olib borishi kerakligini aytib, gilam orasiga o‘ralgan murdani mashina yukxonasiga joylashtiradi. Siyob kanaliga yaqin joyda mashinani to‘xtatib, narsalarini tushirib qoladi. U yog‘iga o‘g‘li bilan bir amallab, murdani suvga oqizib yuboradi. Go‘yo shu suvda gunohlarini ham oqizib yuborganday yengil tortadi. Ammo bunday mudhish jinoyat hech qachon izsiz ketmasligini u anglamagan, bir inson ignaday yo‘qolib qolishi mumkin emasligini xayoliga keltirmagan edi.
Bu orada turmush o‘rtog‘i, qaynopasi onasidan xavotir olib, qarindoshlariga qo‘ng‘iroq qilayotgan, onasini shifoxonalaru borishi mumkin bo‘lgan barcha joydan qidirishga tushgandi. Natija bo‘lmagach, ichki ishlar idoralariga murojaat qilishiga to‘g‘ri keladi. Ichki ishlar idoralari xodimlari o‘z navbatida ularni suvda topilgan jasad bilan yuzlashtiradilar…
Kelinning qilmishlari fosh bo‘ldi, unga nisbatan sud hukmi o‘qildi. Ikki farzandning onasi, gulday oilaning bir bekasi mudhish jinoyati uchun o‘n ikki yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.
Ayol nafaqat o‘zi, farzandlarining ham hayotiga soya soldi, bir turmushni qulatdi, jahl, nafrat tufayli o‘z oilasi tinchligiga ham zomin bo‘ldi.
O‘.MAMADALIYeV,
jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudi raisi o‘rinbosari.