Qunduz bobodan yangi ertak: “Quduq qopqog‘iga kim mas’ul?”
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan. Yaqin o‘tgan zamonda Sariqtepa degan shaharcha bo‘lgan ekan. O‘sha shaharchani yanada go‘zal qilish niyatida shahar hokimi tadbir o‘tkazibdi. Tadbirda “Kimda-kim shahrimizni yanada chiroy ochishi uchun yaxshi taklif aytsa, o‘sha taklif egasini taqdirlaymiz. O‘z taklifini amalga oshira olishga ko‘zi yetsa xazinamizdan yetarlicha pul ham ajratib beramiz”, debdi. Juda ko‘p takliflar aytilibdi. Shulardan eng yoqqani “ko‘p qavatli uylar qurish va ularga tog‘dan suv olib kelish” taklifi bo‘libdi. Hokim uni qo‘llab-quvvatlabdi. Tadbirkor nomini olgan taklifchi o‘zi aytganidek qilib uylar quribdi, shaharga yaqin bo‘lgan tog‘ning eng yuqoridagi bulog‘idan quvur bilan suv keltiribdi...
Kunlardan bir kun tadbirkorni qozi chaqirtiribdi. Da’vogarning aytishi bo‘yicha aravasi suv quvurlari tutashgan qismdagi chuqurga tushib ketib singanmish.
- Hurmatli, qozi bobo, - debdi tadbirkor. Men bu suvlarni tortib kelishimda “Toza mirob” mutaxassislari bilan maslahatlashganman. Chuqurni ham, qopqoqni ham ularning tavsiyasiga binoan qurib o‘rnatganman.
Qozi bobo “Toza mirob” rahbariga chopar yuborib, chaqirtirib keltiribdi. “Toza mirob” rahbari esa vaziyatni tushunib tadbirkorni tanimasligini, tog‘dan keltirilgan suv uchun o‘lpon olgani bilan qopqoqqa javobgar emasligini, qolaversa qopqoq o‘rnatilgan joy ko‘cha o‘rtasida bo‘lgani uchun “Yo‘lsoz” rahbariyati mas’ul ekanini aytibdi.
Qozi bobo endi “Yo‘lsoz” rahbariyatiga chopar yuborishga majbur bo‘libdi.
Ko‘p o‘tmay “Yo‘lsoz” rahbariyatidan xodim kelibdi. Qozi bobo unga yuzlanibdi. Xodim esa:
- Hurmatli qozi bobo, biz yo‘llarimiz notekis bo‘lsa, tosh-tuproq to‘kib tekislashga mas’ulmiz. Lekin bu qopqoqlik joyga biz javobgar emasmiz. Agar muammo shu chuqur va qopqoqda bo‘lsa, biz u yerni to‘ldirib, tekislab qo‘yishimiz mumkin.
- Menimcha shunday qilganimiz maqul, - debdi tadbirkor.
- Mening aravam chuqurga tushib, g‘ildiragi sindi. Buni kim qoplab beradi? - deb so‘rab qolibdi jabrlanuvchi.
Qiyin bo‘lganda qozi boboga qiyin bo‘libdi. Hech biri aybni bo‘yniga olishni istamayapti. Tartib-qoidalar ham ularning foydasiga xizmat qilib turganmish.
Shu payt qayerdandir Nasriddin Afandi kelib qolibdi. Hamma bilan quyuq so‘rashib chiqibdi. Qozi bobo Afandiga bo‘layotgan voqealarni aytib beribdi.
- Bu yerda hamma ayb aravaning egasida-ku, - debdi Afandi. – Qopqoqqa ko‘zi tusharkan-u, aylanib o‘tmaskan. Odam ozroq hushyor va ogoh bo‘lishi kerak, birodar.
- Xo‘sh, - dedi qozi bobo. – Da’vogar birodarimizga buni tushuntirarmiz, lekin anavi yoqda qolgan chuqur va uning qopqog‘i masalasi nima bo‘ladi? Sizlarning hech birlaringiz bu borada mas’ul emassizlar nazarimda.
- Buning yo‘li bor, - debdi Afandi. Boshqalar uning fikrini uqqandek qarsak chalib yuborishibdi. Chunki bundan yaxshiroq yo‘l yo‘qdek ekan ular uchun.
Shu kunning o‘zida qopqoq olinib, uchiga qizil latta bog‘langan yog‘och chuqurga qo‘ndirilibdi.
Qunduz bobo.