Diplomli bo‘lish ishli bo‘lish degani emas

Yaqinda bir o‘qituvchi bilan suhbatlashib qoldim. Gap orasida u:

- Talabalarim ichida darsimga umuman qiziqmaydiganlari bor, - dedi. - Ulardan nega bu kasbni tanlaganini so‘rasam, kirish imtihon ballari past bo‘lgani uchun shu yo‘nalishga hujjat topshirganini aytdi. Aslida bu soha mutaxassisi bo‘lmas emish.

Afsuski, talabalar ichida diplom bo‘lsa bo‘ldi, deb o‘zi qiziqmaydigan yo‘nalishga o‘qishga kirganlar yo‘q emas. Haliyam xususiy oliy ta’lim muassasalari ochilib, davlat oliy ta’lim muassasalarida shunchaki o‘qishga kirayotganlar ancha kamaydi. To‘g‘rirog‘i, ular imtihonsiz xususiy oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kiryapti.

Yaqin yillargacha aksariyat yoshlar qabul kunining oxirigacha kutib turar, so‘ngra eng kam ariza topshirilgan yo‘nalishga hujjatini topshirardi. Hatto qabulning yopilishiga sanoqli daqiqalar qolganida hujjat topshiradiganlar bo‘lardi. Sababi, ular kam hujjat qabul qilingan yo‘nalishga o‘qishga kirish osonroq deb tushunardi. Ammo, ertaga kim bo‘lishi, jamiyatga qanday manfaati tegishini o‘ylamasdi.

Maqsad, nima bo‘lsa ham bir amallab o‘qishga kirib olish, diplomli bo‘lish. Yoshlarning ko‘pchiligi diplom bo‘lsa ishli bo‘lish oson, deb hisoblaydi. Ammo ish beruvchilar diplomi boru, ishtiyoqi yo‘q mutaxassisni ishga olishni xohlamaydi. Buni keyingi vaqtlarda rahbarlarning o‘zidan ham eshityapmiz. Natijada qo‘lidan ish kelmagan mutaxassis chet elga ish izlab ketishga majbur bo‘ladi va bizda ish yo‘q, degan xulosaga keladi.

Bir tanishim aytib qoldi, o‘g‘lining o‘rtog‘i IT sohasida oliy ta’lim muassasasida o‘qibdi, diplom olibdi. Endi esa o‘z sohasida ishlamasdan koreys tilini o‘rganayotganmish. Yigitning o‘zi o‘qigan kasbga qiziqishi yo‘q, shuning uchun Janubiy Koreyaga ishga bormoqchi ekan.

Yana bir tanishimning aytishicha, oliy ta’lim muassasasida ingliz tili yo‘nalishida o‘qiyotgan qizining chet tili o‘qituvchisi bo‘lishga ishtiyoqi yo‘q emish. U asli dizaynerlik kasbiga qiziqqan, ota-onasi qizini “super-kontrakt” asosida o‘qishga kiritgan ekan.

Afsuski, bunday misollarni ko‘plab keltirishimiz mumkin. Yoshlar orasida ota-onasining xohishi yoki shunchaki diplom olish uchun oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirganlar yo‘q emas.

- Hozirgi yoshlar katta maoshga ishlashni istaydi, ammo o‘zlari shunga yarasha yetuk mutaxassis bo‘lishga intilmaydi, - deydi hamkasbim A.Haydarov. – Buni amaliyotga kelayotgan talabalar misolida ham aytishim mumkin. Amaliyotga kelayotgan talabalarning ichida berilgan topshiriqlarni astoydil bajaradiganlari juda kam. Aksariyatining har xil bahonasi ko‘p. Bir amallab amaliyotni tugatib olsa bo‘ldi, ammo men bu yerdan nimadir o‘rganishim kerak, ertaga o‘zimga kerak bo‘ladi, deb o‘ylamaydi.

Haqiqatda yoshlarimiz o‘qish, izlanish va o‘z ustida ishlashni uncha xushlamaydi. Chet tilini o‘rganayotgan yoshlar bilan gaplashsangiz aksariyati xorijda ishlash uchun til o‘rganayotganini aytadi. Hatto chet elga o‘qishga ketayotganlarning hammasi ham xorijda oxirigacha o‘qimaydi. Ko‘pchiligi o‘qishga borgach, ishga chiqib ketadi. Ba’zilari ham o‘qib, ham ishlaydi. To‘g‘ri, chet elda yashash oson emas, shuning uchun yurtdoshlarimiz ishlashga ham majbur bo‘ladi. Ammo ularning ko‘pchiligi katta maoshli ish topgach, o‘qishini davom ettirmaydi. Masalan, Janubiy Koreyaga o‘qishga boradigan o‘zbekistonlik yoshlarning 60 foizi o‘qishini tashlab ketarkan. Shuning uchun Koreya hukumati chet eldan, ayniqsa, O‘zbekiston, Mo‘g‘uliston, Vetnam kabi davlatlardan o‘qishga keluvchi yoshlarga viza olishni qiyinlashtirib qo‘ygan.

- Oliy ta’limda 14 yil o‘qidim, asosan tadqiqotchi sifatida faoliyat yuritdim, - deydi Samarqand davlat universitetining Biokimyo instituti organik sintez va bioorganik kimyo kafedrasi professori Xurshid Bozorov. – Ilmiy tadqiqot ishimning ancha yili Xitoyda o‘tdi. Xorijda ham o‘qish, ham ishlash oson bo‘lmadi. Ba’zida ota-onamdan pul so‘rashimga to‘g‘ri keldi. O‘zbekistonga kelsam yoshlarning ko‘pchiligi o‘qishdan ko‘ra, pul topishga qiziqib ketibdi. Aslida inson o‘z kasbining yetuk mutaxassisi bo‘lishi kerak. Shunda u kasbi ortidan hurmatga sazovor bo‘ladi va oilasini boqishga yetarlicha pul topadi. Masalan, men hozir ham Xitoyga borsam katta maoshli ishga olishadi. Ammo men chet eldan ko‘ra vatanim taraqqiyotiga xizmat qilishni istayman. Professor sifatida hozirgi ish joyimda ham yaxshi maosh olaman. Yoshlarga bir narsani aytishni istayman. Maqsad – pul topish emas, salohiyatli mutaxassis bo‘lishga intilish kerak.

Xurshida ERNAZAROVA.