Pangat - tog‘lar bag‘ridagi maskan

Samarqand tuprog‘ining har bir qarichi nafaqat yer usti va yer osti boyliklariga kon, balki bitmas-tuganmas olis tarix, moziy bag‘ridan so‘zlaydi.

Viloyatimizning eng olis, shu bilan birga, ko‘hna tuprog‘i, betakror tabiati, beqiyos tarixi, tillarda doston Ergash Jumanbulbul o‘g‘lidek baxshilar tug‘ilgan, Jo‘sh otaday aziz ziyoratgohlar bo‘lgan Qo‘shrabot tumani bugungi kunda ham kengliklari, qir-adirlari, soylari, baland va purviqor tog‘lari bilan ilm va qalam ahlini o‘ziga jalb etib, sehrlab kelmoq­da. Ayniqsa, nomlari ham, tarixi ham qadimiy qishloqlarda bugungi kun nafasi bilan yashayotgan odamlarining hayoti, o‘y-orzulari diqqatimizni tortdi.

Manbalarda keltirilishicha, eng qadimiy qishloq sanalmish Pangatning yoshi uch asrdan oshmoqda. Bu qishloqning tabiati fusunkor, tuprog‘i halim, suvlari shirin, daraxtlari viqorli va ko‘rkam. 

- Qishloq Nurota tog‘ tizmasi janubiy yonbag‘rida joylashgan, - deya suhbatimizni boshlaydi ko‘p yillik tajribaga ega o‘qituvchi, «Pangat qishlog‘i haqida tarixiy–etnografik risola» muallifi Turobboy Hayitov. - Mahobatli Qushxona, Gavxona va Bojg‘on cho‘qqilari tumanning deyarli barcha joylari­da ko‘zga tashlanadi. Uchayotgan uchoqlar singari ko‘kka qad ko‘tarib, bu cho‘qqilar kishiga zavq beradi, tog‘lar simfoniyasi esa Pangat qishlog‘ining ko‘rkidir. Qoratov va Oqtov oralig‘i o‘zaro «muzbel» orqali tutashgan, bu oraliqdan qadimgi karvon yo‘li o‘tgan bo‘lib, tumanimiz hududidagi yo‘l yoqalarida qo‘sh rabotlar qurilgan. Qishlog‘imiz ana shu muzbel va rabotlar yaqinida joylashgan. 

Qishloqning nomiga kelsak, turli rivoyatlar va taxminlar bor. Eng avvalo, qishloq chindan ham balandlikda, bahavo maskanda joylashgan bo‘lib, uni baland va yuqori qishloq deb atashgan. Boshqa tomondan, Pangatda 82 nafar avliyo o‘tganligi naql etilishi nazarda tutilib, «Avliyolar makoni» singari taxminlar ham mavjud. 

- Qishlog‘imizdagi tog‘ tabiiy iqlim sharoitiga, ajoyib flora va faunaga ega, - deya suhbatga qo‘shiladi yosh ijodkor o‘qituvchi Valijon Qahramonov. - Tog‘ daraxtlar, butalar, yovvoyi bodom, dorivor o‘simliklar bilan qoplangan. Bu yerda yurtimizda uchraydigan o‘simliklarning 1500 dan ziyod turi bor. YuNESKOning «Nurota-Qizilqum rezervati» shu tog‘da joylashgan bo‘lib, bu qo‘riqxonada mavjud bioxilma-xillikni saqlab qolish, ekoturizmni rivojlantirish nazarda tutilgan. Pangatda 666 ta katta-kichik dara va jilg‘alar tog‘ cho‘qqilaridan boshlanib, ikkita katta soyga quyiladi. Bu ikki soy Pangat markazi Qo‘rg‘on qishlog‘idagi masjid yonida birikib, Pangatsoy mavsumiy daryosini hosil qiladi. Qishloq balandlikda joylashgani uchun uning turli nuqtalaridan Jo‘sh, Oqtov, qo‘shni Payariq tumani, Haydarko‘l ham ko‘rinib turadi, shimoldan Nurota tumani bilan chegaradosh. 

- Ayni paytda mahalla aholisi 2122 nafarni tashkil etadi, - deydi Pangat mahallasi raisi Alisher To‘laganov. – 587 oila mavjud. Aholi asosan chorvachilik va bog‘dorchilik bilan shug‘ullanadi. Mahallada yoshlarni ish bilan band etish maqsadida tadbirkorlarimiz tomonidan tilga olsa arzigulik ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, ichki turizmni rivojlantirish yo‘nalishi bo‘yicha ishlarning ko‘lami keng. Qishlog‘imizning so‘lim tabiati va shifobaxsh suvlari, tanga davo havosi­ning sharofati bilan bugungacha 30 ga yaqin dam olish maskanlari ochildi. Aholi yashash sharoitlarini yaxshilash maqsadida 4 kilometrlik tuproq yo‘llari­miz shag‘allashtirildi, yangi ko‘prik va suv inshooti odamlarimiz­ning uzog‘ini yaqin, og‘irini yengil qilmoqda. Pangatning markazi Qo‘rg‘on qishlog‘i hisoblanadi. Aholiga ayni paytda ikkita maktab, 6-MTM, oilaviy shifokorlik punkti xizmat ko‘rsatmoqda.

- Mana shu betakror tabiat menda ham ichki turizm yo‘nalishi bo‘yicha Pangat turizm maskanlarini ochish orzusini uyg‘otdi, - deydi  yosh tadbirkor Vahobjon Do‘satov. - Bu yerda har bir fasl o‘ziga xos chiroy ochadi. Ayniqsa, bahor va yoz fasllari dam oluvchilarni ko‘proq bag‘riga chorlamoqda. Tadbirkorlikni 2016 yilda boshladim. 2019 yilda viloyat hokimining qabulida bo‘ldim, hokimlik meni qo‘llab-quvvatladi. Ichki turizmni rivojlantirish  rejasi bo‘yicha kredit olishimda yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib, yaqindan ko‘maklashdi. Hozirgi paytda maskanda 20 ta mavsumiy dam olish joylari, 2 ta lager faoliyat ko‘rsatmoqda. Yana 10 ta mehmon uylari, sanatoriya qurish reja­miz bor, bizda imkoniyat ko‘p. Agar ulardan oqilona foydalanilsa, mahallada yashov­chilarning 80 foizi ish bilan ta’minlanishi mumkin. Xususan, qishda chang‘i uchish, yozda dorivor o‘simliklarni yig‘ish, quritish va qadoqlash, ularni eksport qilish, suv chiqmaydigan tog‘ yonbag‘irlariga motor bilan suv chiqarib, mevali daraxtlar ekib, bog‘ yaratish, shubhasiz, aholi hayotining yanada to‘kinligini ta’minlaydi. 

Darhaqiqat, turizm o‘z navbatida, ekologiyani yaxshilash, turistik makonlarni ko‘paytirish, shuningdek, xalq amaliy san’ati – kashtachilik, yog‘och o‘ymakorligi, kulolchilikni rivojlantirishga ham olib keladi. Buning uchun aynan Pangat qishlog‘ida tabiiy shart-sharoitlar bisyor. 

- Qishloqdagi «G‘oyib ota-Qo‘rg‘on» jome masjidi tarixining ildizi chuqur. Uning qayta qurilishi 1860-1864 yillarga to‘g‘ri keladi, - deydi jome masjid imom xatibi Sobir To‘xtashev. – Bu dargoh mahallamiz markazidagi ikki soy qo‘shiladigan tepalik ustida joylashgan bo‘lib, to‘rt tomoni ochiq, bahavo. 400 yillik tarixga ega masjidimiz davlat muhofazasiga olingan bo‘lib, 2012 yilda  tarixiy obida sifatida madaniy meros ro‘yxatiga kiritilgan. Bobolarimiz qo‘li va qalb qo‘ri bilan qurilgan bu masjid  o‘tgan zamonlarda madrasa vazifasini o‘tagan. 

Oygul SUYuNDIQOVA.