Qutqaruvchilar traktor ag‘darilishi oqibatida jabrlangan erkakni MI-171 vertolyotida kasalxonaga yetkazishdi

Joriy yilning 22 aprel kuni FVB navbatchilik qismiga Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qashqadaryo filiali tomonidan traktor ag‘darilishi natijasida jabrlangan og‘ir ahvoldagi fuqaroga yordam ko‘rsatish zarurligi bo‘yicha murojaat tushgan, deb xabar bermoqda uznews.uz O‘zbekiston FVVga tayanib.

Қашқадарёда трактор ағдарилиб кетди: қутқарувчилар жабрланувчини вертолётда эвакуация қилишди

Ma’lum bo‘lishicha, Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro B. M. boshqaruvidagi traktori bilan dala maydoniga ekin ekish vaqtida, surunkali yomg‘ir yog‘ishi ta’siri hamda texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilmasligi oqibatida ag‘darilib ketgan.

Natijada, og‘ir tan jarohati olgan B. M. Oqqishloq aholisi tomonidan qishloq vrachlik punktiga olib borilgan. Mutaxassislarning ko‘rigi natijasida, jabrlangan fuqaroga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish lozimligi aniqlanib, bemorni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qashqadaryo filialiga yetkazish ehtiyoji yuzaga kelgan.  Biroq noqulay ob-havo, yo‘llardagi nosozlik, qolaversa, qishloq va tuman markazi o‘rtasidagi olis masofa tufayli bemorga zudlik bilan yordam ko‘rsatish imkoniyati bo‘lmagan.

Shu munosabat bilan, Qashqadaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining murojaati asosida Janubi-G‘arbiy alohida harbiy okrug tomonidan bemorni evakuatsiya qilish uchun MI-171 vertolyoti ajratilib, fuqaro B. M. qutqaruvchilar nazorati ostida Qarshi shahridagi Xonobod aerodromiga yetkazilgan.

Bemor aerodrom hududidan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qashqadaryo filialiga yetkazilgan. Hozirgi vaqtda bemorga ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.