Rahbarlar tinglashni o‘rganadimi?

Bu savolni o‘zimga deyarli har kuni beraman. Har gal javoblarimdan qoniqmayman. Keyin sababini qidirishga tushaman. Buning uchun eng katta «ob’yekt» viloyat hokimining sayyor qabullari va telegramga tushgan murojaatlar ijrosi bo‘yicha monitoringidir.
Yaqinda rasmiy ma’lumot e’lon qilindi: ushbu murojaatlarning elektr tarmoqlari idorasida 8 foizi, gaz tarmoqlari idorasida 8 foizi, gaz ta’minoti idoralarida 10 foizi, kommunal xo‘jaligida 12 foizi yolg‘ondakam «bajarilgan».
Yolg‘ondakam deyishimizning mazmuni shuki, ijrochilar muammo bilan emas, shikoyatchi bilan «ishlagan». Bir amallab undan tilxat olishgan. Keyinroq, imkon topilganda kelib shu ishni qilib beramiz, deb va’dalashgan, ammo keyin ularning esidan chiqib ketgan.
Samarqand shahar Bog‘iston mahallasida yashovchi Jamila Ochilova bilan shunday hol ro‘y bergan. Uning Firdavsiy ko‘chasidagi hovlisi buzilishga tushgan. Quruvchi unga ikkita uy olib berishni va’da qilgan, biroq hovli buzilgandan keyin ham ikkinchi uy olib berilmagan. Sarsoni chiqqan fuqaro viloyat hokimiga shu yil 31 yanvar kuni murojaat qilgan va ishni oxirigacha yetkazish shahar hokimligiga topshirilgan. Ming afsuski, ikkinchi uy quruvchining aybi bilan haligacha berilgan emas. Bu ishni sudga oshirishga yoki oxirigacha yetkazishga esa shahar hokimligida na jur’at, na hafsala topildi. Shikoyatchi esa …yozishdan boshqa nima qilsin, qayerga borsin…
Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi, mutasaddilari pastdarg‘omlik Mavluda Shodiyeva, nurobodlik Biloliddin Tohirov, Past Darg‘om yo‘l qurilishi korxonasi rahbarlari Nurbek Nazarov, Halim Jumanov murojaatiga ana shunday yondashganlar. Hatto shikoyatchi bilan viloyat hokimligidan takror-takror aytishgandan so‘ng borib suhbatlashganlar. Bunaqa misollarni har bitta tumandan, har bitta tashkilotdan yana o‘nlab keltirish mumkin.
Kattaqo‘rg‘on tumanidan keyingi oylarda bir fuqaro har xil mavzularda shikoyat yoza boshladi. Oxirgisi ballonli gaz ta’minotidan edi. Tuman gaz idorasi rahbari bilan gaplashdim. «Ha, u odam o‘zi keldi, ballonini gazga to‘ldirib berdik, keyin mahallada yana menga o‘xshab gaz bilan o‘z vaqtida ta’minlanmaganlar bor, dedi, men imkon bo‘lganda albatta olib beramiz» dedim. Bu gaz idorasi rahbarining gapi. Keyin men u kishidan mahalladan xabar olishi, shikoyatchi bilan suhbatlashib, fikrini bilib, menga xabar qilishini so‘radim. Nazarimda kelishgandek bo‘ldik, chunki unga yo‘l-yo‘lakay murojaatlar taqdiri bilan jamoatchilik jiddiy shug‘ullanayotganini ham aytib o‘tdim.
Ming afsuski, o‘n kun ichida javob ham, telefon ham bo‘lmadi. Gaz idorasi rahbari Behzod Normurodovga qo‘ng‘iroq qildim, ariza natijasini so‘radim. «E, hali sizga javobni aytmadimi, men bu ishni bir xodimimga aytgandim» dedi. Mana sizga murojaatga munosabat. Unga hech kim mahalla ahliga ballonli gaz eltib ber, demayapti, shikoyatchi va odamlar bilan dildan gaplashib, ularga hozirgi ahvolni tushuntirish ham malol kelayapti. Keyin shu hududdan saylangan tuman kengashi deputati bilan bog‘landim, arizani o‘rganib berishini so‘radim. Ikki kun o‘tgach, undan axborot oldim. Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro hech qayerda ishlamaydi, bir nafar farzandi bor, ish va nogironligini tiklash bo‘yicha viloyat hokimiga ham ariza yo‘llagan. 50 yoshida ro‘zg‘orni uddalashga qiynalgan, na mahalla oqsoqolidan, na deputatdan, na boshqa idoralardan najot bo‘lmagach, viloyat hokimiga murojaat qilgan. Vaholanki, yil boshidan buyon barcha idoralar shu arizachiga o‘xshash fuqarolarni o‘rganish va ma’lumot yozish bilan «ovora». To‘g‘ri, uning uyiga bir guruh mas’ullar kelib, tushuntirish bergan, va’dalar qilgan, shunga ham ko‘ngli ko‘tarilib, har bir borgan idora vakiliga alohida tilxat yozib bergan, ishongan. Ishqilib, bu gal va’dalar yolg‘on bo‘lmasin…
Davlatimiz rahbari ijro organlari faoliyatini xalqqa yaqinlashtirish, ular mas’uliyatini oshirish haqida ta’kidlab keladi. Ming afsuski, hozircha bu ish joylarda ko‘ngildagidek bormayapti. Hammamiz ko‘rib turibmiz, viloyat hokimi har bir murojaatni bevosita joyida, jamoatchilik ishtirokida o‘rganayapti va xulosaga kelayapti. Ayrim tumanlarda ham bu borada o‘zgarish bor. Lekin viloyat tashkilotlari, ayniqsa xizmat sohasi idoralari murojaatchilar bilan ishlashda yetarli darajada faollik ko‘rsatmayapti. Shu sababli ular o‘zlari avvaldan o‘rganib, chora ko‘rish o‘rniga yuqoridan ko‘rsatma kelgandan so‘nggina muammo yechimiga qo‘l urayapti. Oddiygina tushuntirish, hol-ahvol so‘rash, yo‘l ko‘rsatish bilan bitadigan ishlar oydan oyga, yildan yilga o‘tib, takroriy murojaatlarga sabab bo‘layotir.
Bilaman, ochiqlik va erkinlikni suiiste’mol qilayotganlar ham yo‘q emas. O‘jar, o‘chakishadigan arizachilar topiladi. Ammo bundaylar jamiyat ta’sirida o‘z yo‘lidan qaytadi. Muhimi, odamlarni davlat siyosati samarasidan bahramand etish, ijtimoiy himoya borasidagi ishlarni to‘laqonli bajarish. Bu sohada ichki intizom va mas’uliyatni kuchaytirishdir.
F.TOShEV.