Rahbarlik lavozimlari uchun hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari orasidan salohiyatli kadrlar rezervi tuziladi

Davlat rahbari raisligidagi yig‘ilish davom etmoqda. Unda ta’kidlanishicha, tuman yoki shahar darajasidagi rahbarlik uchun Salohiyatli kadrlar rezervi tuziladi:

- unga nomzodlar faqat mahallalardagi hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari orasidan tanlab olinadi;

- ular uchun maqsadli malaka oshirish kurslari tashkil etiladi;

- ushbu yoshlar kamida bir oy vazirlik va hokimliklarda ish o‘rganib, malaka oshiradi;

- xorijiy mutaxassislar bilan birga, ularning shaxsiy fazilatlari, psixologik holati tahlil qilinib, rahbarlik ko‘nikmalari shakllantiriladi.

“Ya’ni, kompetensiyasiga qarab, bilim va ko‘nikma yetmaganlarni o‘qitamiz, tajriba yetishmasa o‘rgatamiz”, dedi Prezident.

Mutasaddilarga yil yakuniga qadar Salohiyatli kadrlar rezervi uchun hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari orasidan 1 ming nafar nomzodni tanlab, takliflar kiritish topshirildi.

“Kuni kecha yarim yil yakuni bo‘yicha yaxshi natija ko‘rsatgan 65 nafar hokim yordamchisi va 40 nafar yoshlar yetakchilarini Salohiyatli kadrlar rezerviga o‘zim tanlab oldim”, dedi Prezident.

Uch oy muddatda “100 ta ilg‘or yetakchilar” dasturini boshlash vazifasi qo‘yildi. Dastur doirasida davlat xizmatchilari, faol tadbirkorlar, xorijdagi vatandoshlar orasidan har ikki yilda 100 nafar salohiyatli yosh kadrlar tanlab olinadi.

Ular uchun alohida o‘quv dasturlari ishlab chiqilib, xorijda stajirovka o‘tash tizimi joriy etiladi. O‘qitish yakuni bilan ushbu kadrlar davlat tizimidagi nufuzli lavozimlarga nomzod bo‘ladi.

Bunday dastur Birlashgan Arab Amirliklarida ijobiy natijalarini ko‘rsatgani ta’kidlandi (https://t.me/Press_Secretary_Uz/2195).