Ramazon oyi muborak bo‘lsin!
Bismillahir rohmanir rohim!
Oylarning sultoni bo‘lgan muborak Ramazoni sharif boshlanmoqda. Shu munosabat bilan kecha davlatimiz rahbarining ushbu qutlug‘ oyni yurtimizda munosib o‘tkazish to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi.
Tegishli vazirlik va idoralar, hokimliklarga Ramazon oyini milliy an’ana va qadriyatlarga mos va munosib tarzda o‘tkazishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish vazifasi topshirildi.
Ramazon oyining ro‘zasini tutish islomning asosiy ruknlaridan biri bo‘lib, Alloh taolo uni har bir musulmonga farz qilgan. Qur’oni Karimning “Baqara” surasida “Ey, iymon keltirganlar, sizdan oldingilarga farz qilinganidek, sizga ham ro‘za farz qilindi”, degan oyati keltirilgan.
Bu muborak oy mo‘minlarning savob kasb qilishlariga eng qulay fursat hisoblanadi. Ramazonning ro‘zasini tutganlarga ulkan ajr-savoblar, ikki dunyo saodati va’da qilingan. Ramazon oyida qilinadigan yaxshi amallarning savobi ham shu oyning hurmatidan ko‘paytirib beriladi. Buyuk muhaddis Imom Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy rivoyat qilgan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam “Kimki Ramazon ro‘zasini iymon ila savob tilab tutsa, uning oldingi barcha gunohlari mag‘firat qilinadi”, deganlar.
Ro‘za uni tutuvchining faqat o‘ziga emas, balki oilasi, jamiyati, butun insoniyat va qolaversa, barcha mavjudotga foyda keltiradi.
Boshqa bir hadisda shunday deyilgan:
Abu hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy alayhissalom “Sizga muborak Ramazon oyi keldi. Alloh azza va jalla sizga uning ro‘zasini tutmoqni farz qildi. Unda osmonlarning eshiklari ochilur. Unda jahannamning eshiklari yopilur. Unda o‘zboshimcha shaytonlar kishanlanur. Unda Allohning bir kechasi bo‘lib, u ming kechadan yaxshidir. Kim u kechaning yaxshiligidan mahrum bo‘lsa, batahqiq, mahrum bo‘libdi”, dedilar” (Nasaiy va Bayhaqiy rivoyat qilganlar).
Ushbu oyni g‘animat bilib, iloji boricha ko‘proq savobli ishlar hamda xayr-saxovat qilish, beva-bechoralar ko‘ngliga xursandchilik ulashish va buning sababidan ko‘plab ajru mukofotlarga sazovor bo‘lishimiz darkor. Oy davomida Qur’oni karim xatmida ishtirok etib, ulkan savobga ega bo‘lishimiz, o‘zimizni har tomonlama isloh etib, xatolarni tuzatishimiz lozim. Hasad, ginayu kudurat, xusumat kabi illatlardan qalbimizni musaffo etib, o‘zimiz uchun pokiza hayot sahifasi ochishimiz, xayrli ishlar uchun boshqa vaqtlardagidan ko‘ra ko‘proq ajru savoblar beriladigan bu qimmatli fursatlarni g‘animat bilib, mehru muruvvat, saxovat va silai rahm kabi olijanob ishlardan imkon qadar ko‘proq zaxira to‘plashimiz zarur.
El-yurtimiz uchun azaldan ezgulik, saxovat, mehr-shafqat ramzi bo‘lib kelayotgan muborak Ramazon oyining ma’naviy-ruhiy hayotimizdagi alohida o‘rni va ahamiyati naqadar ahamiyatli ekani barchamizga ma’lum. Ana shu jihatlar hisobga olingan holda muborak Ramazon oyi munosabati bilan viloyatimiz aholisiga qulay shart-sharoitlar yaratish va qutlug‘ oyni munosib o‘tkazish maqsadida Samarqand viloyatidagi 285 ta masjidlarda taroveh namozlari hamda ushbu masjidlarning 172 tasida xatmi Qur’on tashkil qilinmoqda. Masjidlarda yana bir bor tozalik va obodonlashtirish ishlari olib borilib, yong‘in va boshqa xavfsizlik choralari, tungi yoritish chiroqlari o‘rnatildi.
Joriy yilgi muborak Ramazon oyi diyorimizda diniy sohada tarixiy o‘zgarishlar bo‘layotgan bir davrda kelmoqda. Bu esa barchamiz uchun ko‘proq ibodatlar, yaxshiliklar qilish asnosida yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalikni asrab-avaylashga hissa qo‘shishni, doimo shukronalik hissi bilan yashab, Alloh taolodan xalqimizning farovonligi, yurtimiz ravnaqini so‘rab duoi-xayrlar qilishimizni taqozo etadi.
Barcha yurtdoshlarimizni, butun dunyo musulmonlarini muborak Ramazon oyi bilan yana bir bor tabriklayman!
Alloh taolo Islomning besh arkonidan biri bo‘lmish ro‘za ibodati uchun xoslagan bu oyni iymon-e’tiqod va xulusi niyat bilan, ajru savoblardan umidvor bo‘lgan holda o‘tkazishni, bu oyda qilingan solih amallar uchun va’da qilingan behisob ulug‘ mukofotlarga noil bo‘lishni barchamizga nasib aylasin!
Ramazon oyi muborak bo‘lsin!
Zayniddin Eshonqulov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasining Samarqand viloyatidagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi.