Ramazon – saxovat oyi

Muborak Ramazon oyi munosabati bilan “Mahalla” xayriya jamoat fondi huzurida tashkil etilgan “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Samarqand shahrida yashovchi oilalarning sharoitini yaxshilash, sog‘lig‘ini tiklash hamda jarrohlik amaliyotini o‘tkazish uchun 32 nafar fuqaroga 113,5 million so‘mlik beg‘araz moddiy yordam ko‘rsatildi.

Bundan tashqari, “Mahalla” xayriya jamoat fondi Samarqand viloyati bo‘limidan ma’lum qilishlaricha, kam ta’minlangan, nogironligi bo‘lgan hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar holidan xabar olish va ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Samarqand shahrida yashovchi 100 ta oilaga 20 million so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari berildi.

–   Joriy yil mart oyida xonadonimizda sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida anchagina jabr ko‘rdik, – deydi Samarqand shahar "Kaftarxona" mahallasida yashovchi Feruza Ahadova. – “Mahalla” xayriya jamoat fondi tashabbusi bilan “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan oilaviy sharoitimizni yaxshilash maqsadida 13,5 million so‘mlik moddiy yordam ajratildi. Biz bundan minnatdormiz.

Bu kabi saxovat tadbirlari viloyatning barcha tuman va shaharlarida davom etmoqda.