Ramazonda supermarket ehson qutisiga 50 ming AQSh dollari tashlab ketildi

Toshkentda “Korzinka.uz” supermarketi ehson qutisiga 50 ming AQSh dollari pul tashlab ketildi. Bu haqda supermarket tarmog‘i rahbari Zafar Hoshimov telegram sahifasida ma’lum qildi:
"Bugun bizda ajoyib hodisa ro‘y berdi.
Tarmog‘imizning barcha sho‘’balarida ehson qutilari o‘rnatilgan. Ularga saxiy xaridorlarimiz asosan kaytimga olingan pullarini xayriya niyatida tashlab ketishadi.
Korxonamizda ushbu qutilarga tushgan barcha mablag‘lar "Ezgu amal" xayriya jamg‘armasi hisobiga yo‘naltiriladi. Bu jamg‘arma saraton kasaliga yo‘liqqan bolakaylarga yordam berishga ihtisoslashgan.
Qutilar to‘lganida korxonamiz xodimlari va mutasaddilari, jamg‘arma hamda jamoatchilik vakillari bilan birgalikda qutilarni ochib, ichidagi pullarni sanab, jamg‘arma hisob raqamiga topshirishadi.
Bugun navbatdagi quti ochilib, pullar sanalib, taxlayotganimizda, qutidan o‘ndan ortiq oq konvert chiqdi. Ularni ochib qarasak, konvertlar ichidan jami 50,000$ pul bor ekan.
Og‘ir kasalga chalingan bolakaylarga Ramazon oyining tabarruk kunlarida shunday go‘zal ehson qilgan noma’lum inson amali ezgulik, olijanoblik va muqaddas Ramazon oyi xislatlariga bo‘lgan ishonchimizni yanada orttirdi.
Jamg‘armaga pullar o‘girilib jami 564 120 000 so‘m yuborildi", deb yozgan tadbirkor.