Rasman: “QURAMAX MEDIKAL” MChJga farmatsevtika faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan litsenziya tugatildi
Bugun Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudida Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining "QURAMAX MEDIKAL” MChJga farmatsevtika faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan 2019 yildagi litsenziyani bekor qilish va qo‘llash uchun yaroqsiz dori vositalarini muomaladan chiqarib, yo‘q qilish to‘g‘risidagi arizasini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni bo‘lib o‘tdi.
Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 2023 yil 13 yanvardagi hal qiluv qarori bilan “QURAMAX MEDIKAL” MChJga farmatsevtika faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan 2019 yil 10 dekabrdagi litsenziya bekor qilinishi va qo‘llash uchun yaroqsiz dori vositalari muomaladan chiqarilib, yo‘q qilinishi belgilandi.
Sudning huquqiy ta’sir chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi ish bo‘yicha ushbu hal qiluv qarori, agar apellyasiya shikoyati (protesti) berilmasa, qabul qilinganidan keyin o‘n kun o‘tgach qonuniy kuchga kiradi.
Shuningdek, mazkur iqtisodiy ishga doir vakolatli idora va mansabdor shaxslarning xatti-harakati yoki harakatsizligi yuzasidan qonun talablari buzilganligi bo‘yicha huquqiy baho berish haqida xususiy ajrim chiqarilib, Toshkent shahar prokuraturasiga yuborilishi belgilandi.