Rauf Parfi tavalludining 80 yilligiga

Buyuklik vaqtga bo‘ysunmaydi

O‘tgan asr o‘zbek adabiyoti tarixida shunday iste’dod egalari borki, ularning hayoti ziddiyatlar, ko‘ngilsizliklar, fojialarga boy. Shu kunlarda tavalludining 80 yilligi mamlakatimiz adabiy jamoatchiligi tomonidan keng nishonlanayotgan O‘zbekiston xalq shoiri, betakror tarjimon, jurnalist Rauf Parfi ana shunday ijodkorlardan biridir.

Yigirmanchi asr she’riyatida Rauf Parfi ijodi alohida o‘rin tutadi. Adabiyotshunos olimlarning fikricha, o‘tgan asrning 50-60 yillarida shoir o‘zining g‘ayrioddiy noan’anaviy she’rlari bilan o‘zbek she’riyatiga yangi pafos, yangicha ruh kiritgan. U tiriklik chog‘idayoq klassikka aylangan zamonaviy o‘zbek she’riyatining yorqin namoyondasi edi.

 Nega shoir unvonni olgisi kelmadi?

Adabiyot tarixida Rauf Parfi o‘ziga berilgan yuksak unvonni olmagan shoir sifatida qolgan. Xo‘sh, nimaga shunday bo‘lgan edi?

1999 yilda Rauf Parfiga “O‘zbekiston xalq shoiri” unvonini berish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Yuqoridagilar bu g‘ayrioddiy shoirning she’rlarini odamlar katta qiziqish bilan o‘qib, uni tirik klassik deb atay boshlaganini yaxshi bilishardi.

Ammo Parfi mukofotni qabul qilmadi va O‘zbekiston xalqi “qashshoqlik va qonunsizlik” sharoitida yashayotgan, ko‘plab vatandoshlari xorijda ro‘zg‘or tebratish maqsadida mamlakatni tark etayotgan bir paytda bu mukofotni qabul qila olmasligi aytib, unvondan voz kechdi.

Bu voqeadan so‘ng Parfi she’rlarini hech qayerda bosmaslik kerakligi haqida ko‘rsatma berildi. U hatto ishidan ham ayrildi. Shoir gazeta-jurnallar tahririyatiga yozuvchi do‘stlarini ko‘rgani kelganida: “Rauf aka, tushuning, she’rlaringizni chop etsak, bizni yopishadi, buni nima keragi bor?” deyishdi. Ammo, yana bir ajablanarli tomoni shundaki, Parfi o‘zbek adabiyotining tirik klassigi sifatida o‘sha yillarda maktab darsligining bir bobi uning ijodiga bag‘ishlangan bo‘lsa, 2003 yilda shoirning 60 yilligi munosabati bilan u haqda ba’zi davriy nashrlarda bir qancha maqolalar chop etilgan.

Aytishlaricha, bir kuni kechasi do‘stlari uni ko‘rgani kelishdi, lekin shoir Toshkentda propiskadan o‘tmaganligi sababli kelganlarni ichki ishlar organlari xodimlari deb o‘ylab, ularga uzoq vaqt eshikni ochmadi. Ajablanarlisi shundaki, bunday hollarda uni huquq-tartibot idoralaridan qutqarib qolgan narsa - Islom Karimovning shaxsiy imzosi muhrlangan Xalq shoiri guvohnomasi edi. Parfi bu unvondan bosh tortgan bo‘lsa-da, keyinroq uni olgan va bu hujjatni doim yonida olib yurgan.

U hatto sevimli kitoblarini sotishga majbur bo‘ldi

Oiladagi janjallar tufayli uy-joysiz qolgan Rauf Parfi Toshkentning turli burchaklarida sarson-sargardon yurgan paytlari ham bo‘lgan.

Shoir kambag‘al edi, ishdan ayrilgach, tirikchilik uchun hech qanday imkoniyat qolmaganidan hatto sevimli kitoblarini sotishga ham majbur bo‘ldi. Uning kitob sotuvchi do‘stlari bor edi, ularning buyurtmalarini ba’zan bajarib, ulardan nodir nashrlarni qidirib topardi.

Parfining puli bo‘lmaganida ba’zan ayeroportga kelib qolardi. Mahalliy aviakompaniyalar esa deyarli har kuni poytaxtga viloyat shoirlarini olib kelishardi, ular ustozini suhbatlashish va yangi she’rlar eshitish uchun restoranga taklif qilishar, pul berishardi.

Umrining so‘nggi yillarida Rauf Parfining she’rlari deyarli chop etilmaganiga qaramay, uning muxlislari kamaygani yo‘q, aksincha – uning satrlari muxlislar orasida yanada yoyildi, she’rlari yodlandi. Bu - haqiqiy iste’dodining kuchi edi.

R.Parfi inson qadr topgan yurtga yashashni orzu qilar, mamlakatda yolg‘on, poraxo‘rlik, o‘zboshimchalik, konformizm, aldash, ura-urachilik avj olib borayotganini hazm qila olmasdi. Bunday sharoitda ijodkor odam omon qolish uchun ba’zan nimagadir yopishib olishga majbur bo‘ladi. Va bunday "yopishish" printsiplar va ideallarga qarshi qadam qo‘yishga olib kelishidan shoir qiynalardi.

Sukunat - eng dahshatli hayqiriq

- Bir paytlar shoirlikning maqsadi haqida gap ketganida, R.Parfi she’rlarining nashr etilishi yoki chiqmasligini emas, balki ularning yaratilish jarayonining o‘zi muhimligini aytgandi, – deb eslaydi kinorejissyor Alisher Hamdamov. - Bundan u hech narsa bilan taqqoslanmaydigan haqiqiy zavq olardi. Uning so‘zlariga ko‘ra, shoir she’r yozish chog‘ida havoga ko‘tarilib, o‘z ixtiyoridan mutlaqo tashqari holatga bo‘lar ekan.

Zamondoshlarining aytishicha, R.Parfi quyidagi so‘zlarni takrorlashni yaxshi ko‘rardi: eng dahshatli faryod – bu sukunatdir.

Sharoit taqozosi tufayli Parfi umrining so‘nggi yillarida rasmiy doiralarga to‘g‘ri kelmagani uchun qalbida to‘plangan hamma narsani ifoda etish imkoniyatidan mahrum bo‘lib, sukut saqlashga majbur bo‘ldi. Uning qalbida tinimsiz jang bo‘lib turardi, Shoirning o‘sha davrdagi ijodi qarama-qarshiliklarning birligi va kurashini ifodalaydi, bu hissiy chiqish, portlash imkoniyatiga ega emas edi.

Ta’kidlash joizki, Rauf Parfining yaqin do‘stlari Viktor Sosnora, Nikolay Rubsov kabi mashhur rus shoirlari bo‘lgan.

– R.Parfi Rubsov she’rlarini o‘qib, ular unga ruhan qanchalik yaqin ekanini angladi, – deb eslaydi O‘zbekiston xalq shoiri Aleksandr Faynberg. - O‘tgan asrning yetmishinchi yillarining boshlarida, Rubsovning o‘limidan ikki yil oldin Parfi uni uzoq rus qishlog‘ida topadi va u yerda uzoq vaqt o‘z do‘stining yog‘ochdan yasalgan uyida qoldi.

Keyinchalik bu ikki do‘st bir-birlarining asarlarini o‘zlarining ona tillariga tarjima qilishadi.

Butun jahon she’riyati uning uyi edi

– Haqiqiy shoir R.Parfining boqiy she’riyati 20-asrning 70 yillaridan boshlab adabiy jarayonning diqqat markazida bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qolaverishi muqarrar. O‘tgan yuz yillikdagi o‘zbek she’riyatining keyingi yarim asrini Rauf Parfi ijodisiz tasavvur etib bo‘lmaydi, - deydi taniqli shoir va jurnalist Karim Bahriyev. – Rauf Parfi she’riyatining bosh mavzusi – Inson, Vatan, Turkiston va turkiy dunyo birligi. Shoir o‘zining hayotiy ideallariga sodiq, e’tiqodida bukilmas hayot kechirdi. Bevafolarga ham sodiq edi, lekin iymonini sotmadi. U 20-asrdagi inson fojiasini muqaddas ona tilida ifodalashga qaror qilgan mard shoirdir. Uning go‘zallik hodisasiga aylangan iztirobli she’riyatida sinab ko‘rish, Iroda, Haqiqat, Ezgulik va Go‘zallikning rangini ko‘rish, ularning yuziga qarash mumkin.

R.Parfi faoliyat ko‘rsatgan “Jahon adabiyoti” jurnalida jahon mumtoz asarlarining o‘zbek tiliga eng sara tarjimalari taqdim etilgan.

Shoir va zamon yuzma-yuz uchrashadi

Adabiyotshunos N. Rahimjonov shunday fikrda: Rauf Parfi nazarida shoir “qora qalamni mahkam tutgan”, ma’yus va g‘amli o‘ylarni sochuvchi, norozi odamdir. Ammo uning noroziligi birinchi navbatda o‘ziga qaratilgan. 70 yillarda shoir yozganidek: “O‘t bilan suv yuzma-yuz uchrashganday, shoir va zamon yuzma-yuz uchrashadi”. Zero, shoir qalbida “buyuk e’tiqod – muruvvat ilhom” va qasos, “sobit o‘ch” yashaydi.

Rauf Parfining obrazli timsollardan qayta tiklangan badiiy tafakkuri ilk satrlardanoq iroda erkinligi va hurriyat ruhi, zulmga qarshi isyon, jamiyatdagi ijtimoiy adolatsizlik, tengsizlikka qarshi kurash g‘oyalari bilan sug‘orilgan edi.

– Rauf Parfi hayot haqiqatidan ko‘ra ko‘proq qalb haqiqatiga intiladi. Nazarimda, u kundalik hayotda qanday yashamasin, odamlar bilan qanday muloqotda bo‘lmasin, she’r yozayotganda qandaydir ma’naviy yuksaklikdan yozgan, - deb davom etadi K.Bahriyev. – Satrlari fasohatli, dono, so‘roqli, vijdon kabi. Ushbu hodisa hali ham o‘rganilishi kerak. U o‘zbek she’riy madaniyatining poetik tuzilishini nafaqat o‘zbek xalqining orzu-umidlari, dardi va iztiroblari, balki tafakkur madaniyati, yurak urishi, o‘zbek milliy ruhi bilan ham boyitib, butun bir metafora tizimini yaratdi. She’rning musiqiyligini yaratuvchi his-tuyg‘ular oqimi faqat Rauf Parfi ijodiy izlanishlariga xos noyob effektdir.

Shoirning betakror she’rlari bilan tanishib, beixtiyor shunday xulosaga kelasizki, chinakam iste’dodli va buyuklik zamonga, vaqtga bo‘ysunmaydi. R.Parfi o‘limidan so‘ng ham uning iste’dodining ko‘plab muxlislari tomonidan shoir eslanayapti, oqlayapti va sevilayapti. Demak shoir ikkinchi umrini yahsamoqda. Bu umrga esa nihoya yoq. Chunki u mangulikka daxldordir.

Malumot o‘rnida

Rauf Parfi – (taxallusi “O‘zturk”) 1943 yil 27 sentyabrda Toshkent viloyati, Yangiyo‘l tumani, Sho‘ralisoy qishlog‘ida Parfi Muhammad Amin (1893-1955) va Sakina Isabek (1913-1995) oilasida tug‘ilgan. 1960-1965 yillarda Toshkent Davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning jurnalistika fakultetida tahsil olgan.

Rauf Parfining ajdodlari Turkistonning ma’rifatparvar qatlamiga mansub bo‘lgan. Otasi Parfi Muhammad Amin fors-tojik, usmonli-turk va rus tillarini yaxshi bilgan.

Shoir Respublika Kinematografiya qo‘mitasi, G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti muharriri, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi targ‘ibot markazi bosh muharriri, “Jahon adabiyoti” jurnalida yetakchi muharrir bo‘lib ishlagan.

1958 yilda bo‘lajak shoirning ilk she’ri Yangiyo‘l tumani "Yangiyul" gazetasida bosiladi.

40 yillik ijodi davomida R.Parfining “Karvon yo‘li” (1968), “Aks-sado” (1970), “Tasvir” (1973), “Xotirot” (1975), “Ko‘zlar” (1977), “Qaytish” (1978), “Sabr daraxti” (1986), “Sukunat” (1989), “Tavba” (2000) kabi she’riy kitoblari nashr etilgan.

Umrining so‘nggida “Ming yil sizni izladimmi men?”, “Dunyoning eng go‘zal ayoli” she’rlar turkumini yakunladi. Shuningdek, “Yo‘qolgan ruh” asarini yozdi.

Shoir Bayronning “Manfred”, Nozim Hikmatning “Inson manzaralari”, Karlo Kaladzening “Dengiz dumasi”, Enver Selyamatning “Oltin bolta”, Mochavarianining “Faollik” asarlarini, A.Dyumaning “Uch askar” dramasini A.Tvardovskiyning “Xotira huquqi” kitobini, Y.Solovichning “Kumush it” dramasini hamda B. Brext, I. Bexer, P. Neruda she’rlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.

O‘limidan so‘ng shoirning “So‘nggi vido” (2006) va “Iymon asiri” (2006) she’riy to‘plamlari nashr etildi.

Rauf Parfi 1986 yilda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining, 1989 yilda Xalqaro Mahmud Koshg‘ariy, 1996 yilda Turkiya Davlat adabiy mukofoti laureate bo‘lgan. 1999 yilda “Oʻzbekiston xalq shoiri” unvoni bilan taqdirlangan.

2005 yil 28 martda Toshkent shahrida vafot etgan.

Yormamat RUSTAMOV.