Registrator ofisida 60 dan ziyod xizmatlar ko‘rsatilmoqda

Axborot texnologiyalari rivojlangan davrda barcha sohalar qatori ta’lim tizimini ham raqamlashtirish dolzarb masalaga aylandi. Masalan, “Raqamli O‘zbekiston-2030” strategiyasi doirasida davlat sektoriga kiruvchi xizmatlarning onlayn tarzda ko‘rsatilayotgani fuqarolarga yengillik yaratmoqda. Xuddi shu qulaylik O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika institutida faoliyatini boshlagan Registrator ofisida ham mavjud.
Registrator ofisi tarixiga nazar
Registrator faoliyatining ilk ko‘rinishlari XII asrdanamoyon bo‘la boshlagan. 1446 yilda registrator (registrar) atamasi birinchi marta ishlatilgan. XIX asrga kelib, u oliy ta’lim muassasalarida standart holatda qo‘llanilgan. Registrator ofisi tushunchasi XIX asrning oxirida AQShda paydo bo‘ldi. Bu tushuncha ilk bor Garvard universitetida qo‘llanila boshlandi. 1869 yilga kelib, Garvard universitetiga o‘sha davrning eng ilg‘or fikrlovchilaridan bo‘lgan Charles Elliot prezident etib saylanadi. Ko‘p o‘tmay, u universitetdagi qat’iy belgilab qo‘yilgan o‘quv dasturlarini bekor qildi. Endilikda Garvardda talabalar o‘quv dasturida taklif qilinadigan fanlar orasidan o‘zlari xohlagan, qiziqqan fanlarni tanlab o‘rganish imkoniyatiga ega. Ya’ni, har bir talaba universitetdagi o‘qish dasturini ma’lum ma’noda o‘zi shakllantiradi.
Amerikada oliy o‘quv yurtlari va talabalar sonining keskin oshishi o‘z-o‘zidan talabalarning o‘quv jarayonini boshqarish va ularning akademik ma’lumotlarini yuritish uchun yangi tizimga ehtiyoj tug‘ildi. Shuningdek, o‘quv dasturlari yanada murakkablashib, talabalarning individual o‘quv rejalari va ularning baholarini yuritish qiyinlashdi. Talabalarga beriladigan hujjatlar (diplomlar, transkriptlar va boshqalar) soni ko‘paydi. Shu sababli Garvard universiteti bu muammolarni yechish uchun alohida bir bo‘limni tashkil qilishga qaror qildi. Ushbu bo‘lim talabalarni ro‘yxatga olish, ularning akademik yutuqlarini kuzatib borish va ularga rasmiy hujjatlarni berish kabi vazifalarni o‘z zimmasiga oldi. Keyinchalik bu bo‘lim “Registrars Officye” (Registrator Ofisi) deb nomlana boshlandi. Shulardan kelib chiqib, 1930 yillarda AQShning har bir kolleji va universitetlarida registrator lavozimi bo‘lgan.
Bugun Registrator ofisi ko‘plab rivojlangan davlatlardagi oliygohlarda, jumladan, AQSh, Kanada, Yevropa va Osiyo mamlakatlarida keng tarqalgan.
Registrator ofisi faoliyati va yo‘nalishlari
Joriy yilning mart oyidan boshlab O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika institutida Registrator ofisi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Registrator ofisi institutning bosh binosida joylashgan bo‘lib, ofis tomonidan 60 dan ziyod xizmatlar onlayn va oflayn tarzda ko‘rsatilyapti. Talabalar, ularning ota-onalari, professor-o‘qituvchilar hamda fuqarolar oliy ta’limdagi jarayonlar bilan bog‘liq murojaatlariga Registrator ofisidan javob olishlari mumkin.
Registrator ofisi xizmat ko‘rsatish va ma’lumotlar bazasi bo‘limlaridan iborat. Xizmat ko‘rsatish bo‘limi talabalik guvohnomasi, o‘quv varaqasi, o‘qish joyidan ma’lumotnoma, akademik ma’lumotnoma, dars jadvali, davomat va o‘zlashtirishga oid ma’lumotlar, to‘lov-kontrakt shartnomalari, talabalar turar joylariga ariza berish hamda aylanma varaqalarni berish kabi 35 turdagi hujjatni raqamlashtirilgan tarzda murojaatchilarga yetkazadi.
Bu bo‘lim orqali oliy ta’lim dargohiga hujjat topshirishdan tortib to bitirish jarayoniga qadar sodir bo‘ladigan barcha amaliyot haqida ma’lumot olish va xizmatlardan foydalanish mumkin. Buning uchun ijtimoiy tarmoqlarda maxsus bot tashkil etilgan. Natijada boshqa korpuslarda o‘qiydigan talabalar yoki ularning ota-onalari ofisga kelib o‘tirmasdan, bot orqali savollarini yo‘llashadi va unga qisqa vaqtda javob olishadi. Buning uchun 12 nafar operator xizmat ko‘rsatadi. Murojaatlarga shu ondayoq javob qaytariladi. O‘rganish yoki ma’lumotlarni tahlil qilish, boshqa OTMlarga so‘rov yuborish orqali javob topiladigan murojaatlarga 3 ish kunigacha bo‘lgan muddatda yechim topish belgilangan.
Ma’lumotlar bazasi sektorida talabalarning umumiy statistikasi, o‘quv jarayoni, talabalarni qat’iy hisobdagi hujjatlarini saqlash, bitiruvchilarni QR kodli, maxsus himoyalangan diplom blankalari bilan ta’minlash, davomat, yakuniy va oraliq nazorat jadvallari kabi umumiy ma’lumotlar jamlanadi. Bu ma’lumotlar institutdagi ish jarayonini bir joyda jamlash va har bir ko‘rsatkich bo‘yicha aniq statistik hisob-kitob yuritish, pirovardida ish jarayonini sifatli tashkil etish, kelajak rejalarni to‘g‘ri yo‘naltirish imkonini beradi.
Vazirlik yoki turli idoralar so‘roviga ham ushbu bazada ishlangan ma’lumotlar orqali javob beriladi. Registrator ofisga bir kunda 200 dan ziyod murojaat kelib tushadi.
Registrator ofisi talabalarga yuqori sifatli xizmat ko‘rsatishning samarali va eng ilg‘or usullarini amaliyotga tatbiq etmoqda. Ofis o‘quv jarayonini optimallashtirish, sifatli ta’limni va shaffoflikni ta’minlash, talabalarga qulayliklar yaratish, o‘quv jarayonini boshqarish samaradorligini oshirish, xalqaro standartlarga moslashishga yordam bermoqda.
Abdug‘affor Abdurahmonov,
O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti Registrator ofisi boshlig‘i.