Respublika mediaforumi nega aynan "oltin sandiq" - Navoiyda o‘tkazildi?
O‘z vaqtida Buxoro amirligiga ham naf keltirgan Muruntov tillolari zaxirasi kelgusi 100 yillikka ham yetadi.
Qayd etilishicha, dunyodagi eng yirik bu ochiq kon - Navoiy viloyatining Zarafshon shahridagi "oltin koni" ma’dan qazib olish bo‘yicha ham yetakchilik qilmoqda. Bu yerda har kuni 100 ga yaqin 220 tonnagacha yuk ko‘tarish imkoniyatiga ega avtomobillar ishlaydi. Ular yordamida qariyb 1000 metr chuqurlikdan yiliga 50 million tonna ruda qazib olinadi.
Markaziy kon boshqarmasiga qarashli karer mutasaddilarining aytishicha, o‘z vaqtida Buxoro amirlariga ham naf keltirgan Zarafshon oltinlari "bulog‘i ko‘zi"ni o‘zbek geologi Ibrohim Hamroboyev ochgan.
Mediaforum ishtirokchilari tadbir davomida ma’danlardan oltin qanday ajratib olinishi jarayoni bilan yaqindan tanishdi. O‘zbek oltini xalqaro darajada, hatto London fond birjasida ham etalon ekanini aynan shu yerda eshitishdi.
Bir vaqtlar yopiq bo‘lgan bu ma’lumotlar mass-mediaga ochiqlanishi, oltin konlari va uni ajratib olish zavodlariga uyushtirilgan turlar forum nima uchun aynan Navoiyda tashkil etilganini oydinlashtirdi.
Tadbir davomida iqtisodiy salohiyat jihatidan bu navqiron viloyat qariyb Toshkent shahriga tenglashishiga guvoh bo‘ldik. Bu borada birgina Navoiy kon-metallurgiya kombinatining alohida o‘rni bor. Zotan, korxona tizimida 60 mingga yaqin ishchi mehnat qilyapti. Asosiysi, ularning ijtimoiy himoyasiga katta e’tibor qaratilmoqda. Misol uchun, tizimdagi 3 ta dam olish maskanlarida yiliga 15 mingga yaqin konchilar sog‘lomlashtiriladi. Bundan tashqari, Karmana tumanida joylashgan sihatgohda har 15 kunda 200 kishi tibbiy tekshiruvlardan o‘tib, zarur muolaja olishadi. Mediaforum ishtirokchilari tadbir doirasida bu yerdagi sharoitlarga amalda guvoh bo‘lishdi.
Respublikaning barcha viloyatlaridan kelgan o‘zbek mediasi vakillari Navoiy viloyati iqtisodiy salohiyatini yanada yuksaltirish borasidagi boshqa qator loyihalar bilan ham tanishdi. Bularning barchasi davlat rahbarining tashabbusi ulug‘ mutafakkir nomi berilgan hududda izchillik bilan hayotga tadbiq etilayotganini isbotladi. Viloyat hokimining forum ishtirokchilarini rasmiy qabul qilishi hududda ochiqlik siyosati "xo‘ja ko‘rsin" uchun emasligini ko‘rsatdi. Yoshlar markazida mahalliy byudjetdan 3 milliarddan ko‘proq pul sarflab tashkil etilgan mediamarkaz esa bu fikrni amalda mustahkamladi. Markazda forum ishtirokchilari o‘zbek mass-mediasi darg‘alari master-klassida ishtirok etdi.
***
Muxbirimiz (chapda) Muruntov konida Markaziy kon boshqarmasi o‘quv markazi ustasi, O‘zbekiston Qahramoni Farhod Soyipov bilan.