Respublika mutasaddilari murojaatchilarni tingladi

Xalq bilan muloqot qilish va "mahallabay" ishlash tizimini yanada takomillashtirish, joylarda uchrayotgan muammolarga tezkor yechim topish maqsadida Respublika ishchi guruhining ommaviy qabuli viloyatimizning Ishtixon tumanida o‘tkazildi.

Unda Oliy sud raisi, Bosh prokuror, Ichki ishlar vaziri hamda Soliq qo‘mitasi, Prezident Xalq qabulxonalari rahbarlari Samarqand, Jizzax, Sirdaryo va Navoiy viloyatlaridan kelgan murojaatchilarni qabul qildi.

Sizni eshitishga keldik

Ochig‘i, ayrim vaqtlarda joylardagi qabul nima uchun kerak, hammasi ko‘zbo‘yamachilik, degan gaplarni eshitib qolamiz. Yashirib nima qildik, aksariyatimiz bu fikrga qo‘shilgan holatlar ham oz emas. Lekin sayyor qabulni kuzatgan kishi aslida hammasi boshqacha ekanligiga to‘liq ishonch hosil qiladi.

- Navoiydan keldim, - dedi 60 yoshlar atrofidagi onaxon. - Turmush o‘rtog‘imni nohaq ishdan bo‘shatishdi.

Ayolning gaplarini tinglarkansiz, beixtiyor nega holat bo‘yicha hududdagi sudlarga murojaat qilmagan, degan o‘y o‘tadi.

- Ish qaysi bosqichlarda ko‘rilgan, - degan savol bilan yordamchilariga yuzlandi Oliy sud raisi Baxtiyor Islomov.

- Hammasi ko‘rgan, - dedi opa ham xuddi shuni kutgandek. - Lekin ular chiqargan hukmlardan mutlaqo noroziman. Bir necha marta qabulingizga kirmoqchi bo‘ldim, ammo hech ilojini qilolmadim.

- Shuning uchun bugun Sizni tinglash uchun keldik, - dedi B.Islomov.

Opa biroz yengil tin oldi. Aslida shu gapning o‘zi unga dalda bo‘lgandi. Oliy sud raisi yordamchilariga qaysi sudlarda murojaat bo‘yicha ish ko‘rilgan bo‘lsa, chaqirib olishni, o‘rganish natijalari bo‘yicha murojaatchi va o‘ziga axborot berishni topshirdi.

Shu o‘rinda bir gap. Oliy sud raisi qabuliga kelganlar orasida adolat qiling, deb hayqirib yurganlar ham uchrardi. Ularning vajlarini tinglagan B.Islomov shu yerning o‘zida bu ishni qilishning iloji yo‘qligini, chunki sud jarayoni ham ma’lum qonun bilan tartibga solinishini sodda va lo‘nda qilib tushuntirib berdi.



Bosh prokurorga kiraman

Qabul davomida shu gap diqqatimizni tortdi. Gap nimadaligini bilish maqsadida ularga yaqinroq bordik.

- Siz kirmaysiz, demoqchi emasman, - dedi mas’ul shaxslardan biri. – Faqat murojaatingizni tinglab ko‘rsak, balki aynan rahbar nazorati shart emasdir. Shu ma’noda nima maqsadda kelganingizni so‘rayapman.

Muddaosini tinglashga ulgurmadik, navbati kelib, ichkariga kirib ketdi. Bir muddat o‘tgach, prokuratura xodimlaridan biri bilan yetaklashib chiqib keldi.

- Bor umidim sizlardan, yordam qilasiz, ishondim, - dedi u.

Ichkariga kirganimizda boshqa bir fuqaro Nig‘matilla Yo‘ldoshevga minnatdorlik bildirayotgan ekan. Gap nimadaligini tushunmasdan, unga yuzlandik.

- O‘quv markazi va tikuvchilik sexi ochib, 40 nafarga yaqin nogironligi bor fuqarolarni ish bilan ta’minladik, - deydi Samarqand shahrida yashovchi Shavkatjon Bozorov. - Oradan ko‘p o‘tmay, faoliyatimizga to‘sqinliklar boshlandi. Muammoga batafsil to‘xtalmayman, lekin tadbirkor sifatida prokuratura bizning haqiqiy ko‘makchimiz bo‘lganini alohida ta’kidlashim mumkin. Ularning yordami bilan qisqa kunlarda faoliyatimizni qayta yo‘lga qo‘yib, kelgusida yanada kengaytirishni o‘ylab turibman.

Ommaviy qabul davomida Ichki ishlar vazirligi va Soliq qo‘mitasi mutasaddilariga ham ko‘plab murojaatlar bo‘ldi. Ularning ba’zilari ijobiy hal etilgan bo‘lsa, o‘rganish talab etiladiganlari nazoratga olindi. Shuningdek, ayrim murojaatlar bo‘yicha tegishli huquqiy tushuntirishlar berildi.

Viloyat hokimi ham qayd etilgan idoralarga tegishli bo‘lmagan murojaatlar bo‘yicha jismoniy va yuridik shaxslarni qabul qildi. Ularni qiynab kelayotgan muammo va masalalarini eshitib, har bir murojaatni qonun doirasida hal etish bo‘yicha mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.

Yo.Gadoyev.