Rizqni qanday tushunasiz yoxud boy bo‘lish siri nimada?
Hayotni kuzatsak, odamlarning rizq topish ilinjida to‘rt tomonga yelib-yugurganiga guvoh bo‘lamiz. Ro‘zg‘or tebratish, bola-chaqa boqishning o‘zi bo‘lmaydi. Bu yo‘lda kimdir molini yolg‘on gapirib sotsa, yana kimdir mijoz talashib, hamkasbi bilan jiqqa musht bo‘ladi.
Aslida, biz rizq haqida kam bilimga egamiz. Shuning uchun ham rizq topishda nimalarga amal qilishni bilmaymiz. Imom Sha’roviy rizq haqida shunday deydi: “Rizq bu sizga foydasi tekkan narsadir, siz erishgan narsa emas. Gohida siz ko‘p mol topasiz, lekin infoq-ehson qilmaysiz, undan foydalanmaysiz ham. Bu narsa sizning rizqingiz emas, balki o‘zganing rizqidir. Siz faqat uni saqlab va asrab berguvchisiz. Undan biror chaqani ham infoq qilmay, boshqaga yetkazib beruvchisiz, xolos”.
Islom dinida kasb-hunar ortidan topilgan moldan sadaqa berib turish kerakligi aytilgan. Ba’zilar muhtojlarga sadaqa bersam, pulim kamayib qoladi, deb tushunadi. Aksincha, sadaqa berib turgan kishining daromadiga baraka beriladi. Umrini faqat mol to‘plash bilan o‘tkazayotgan kishilarning hayotiga boqsangiz, doim qarzdan boshi chiqmay yurganini ko‘rasiz. Katta-katta firmalari, savdo do‘konlari, hatto zavodlari bor ba’zi kishilarning banklardan katta kredit qarzi bo‘ladi. Ammo chetdan qaraganlar ularni tashvishi yo‘q, boy deb biladi.
Qo‘li ochiqning yo‘li ochiq
Har kuni ishga taksida qatnaganim bois haydovchilar misolida odamlardagi rizq topishga bo‘lgan harakatni kuzatyapman. Ko‘pincha ertalab bir yigit mashinasida kelib, bir zumda bekatdagi odamlarni olib ketadi. Holbuki, bekatda uch-to‘rt avtomashina odam to‘ldirolmay turgan bo‘ladi. Men ham bir necha marta o‘sha yigitning mashinasida ishga keldim. Tabiatan ochiqko‘ngil, hazil-huzul gaplar bilan odamni o‘ziga jalb qilib oladigan bu haydovchi manzilingizga yetguningizcha zeriktirmaydi.
- Allohga shukr, har kuni ishni shu bekatdan odam olishdan boshlayman, bir pastda mashinam to‘ladi, - deydi u. – Men boshqa haydovchilardek yo‘lkira narxini baland aytmayman. Shahar ichida uzoq-yaqiniga qaramasdan, 5 ming so‘m evaziga xizmat qilaveraman. Shuning uchunmi, yo‘l-yo‘lakay ham mashinamga tinimsiz yo‘lovchi minadi.
Qo‘li ochiqning yo‘li ochiq, degani shu bo‘lsa kerak. Yigitning aytishiga qaraganda, taksichilik ortidan bemalol oilasini tebratyapti, topganida baraka bor. Biroq ba’zida topgani o‘ziga yetmayotgan taksichilarni ham uchratib qolamiz. Bir kuni shunday haydovchilardan biriga duch keldim.
- O‘n ming so‘m bo‘ladi, - dedi taksichi manzilni eshitgach. Masofa uncha uzoq bo‘lmasa-da, shoshayotganim bois mashinaga o‘tirdim. – Ertadan kechgacha taksi qilaman, ammo birim ikki bo‘lmaydi.
Odatda noligan erkak kishiga toqatim yo‘qligi bois, “Iltimos, nolimay keting”, deb tanbeh berdim. Shu orada meni kutayotgan kishi boradigan manzil o‘zgarganini aytdi. Ammo oraliq masofa bir kilometr ham chiqmasdi. Taksichi: “Yana besh ming so‘m qo‘shasiz”, deb turib oldi. Kayfiyatimni buzmaslik uchun haydovchi bilan tortishib o‘tirmadim. Unga o‘n besh ming so‘m berib, taksidan tushdim va nima uchun topgani o‘ziga yetmayotganini tushundim. Uning birinchi xatosi Alloh bergan rizqqa noroziligida bo‘lsa, ikkinchi xatosi mijozni norozi qilib, puli olayotganida.
Yaqinda yanayam xasis taksichining mashinasiga o‘tirdim. Bu safar haqiqatda manzil uzoq edi. Shu sababli o‘n ming so‘mga rozi bo‘ldim. Mashinada yana bir yigit bor edi. Ularning o‘zaro gapidan yo‘lovchi yigit ham haydovchi ekanini tushundim. Ular o‘zaro daromad haqida suhbatlashardi.
- Men oyiga 6 million so‘m to‘playapman, - dedi haydovchi. – Har kuni topgan pulimni hech qayerga ishlatmasdan, uyga olib boraman. Hatto ro‘zg‘or uchun xotinimga ham pul bermayman. Agar u biror narsa kerak, pul bering desa, dadamdan ol deyman. Mashinamga ham yo‘lovchilarni o‘n mingdan kamiga mindirmayman. Masofa juda yaqin bo‘lsa, besh ming so‘mdan olishim mumkin.
Haydovchining ushbu gaplaridan so‘ng avtomashina ichiga razm soldim. Ziqnaligidan mashinaning ichi to‘kilib bo‘lgan, sal notekis joydan yursa, shaqirlab ketyapti. Ammo yo‘lkira narxi o‘n ming so‘m emish. Bu yigit muhtojlarga sadaqa berish u yoqda tursin, hatto topganini oilasiga ham sarflamas ekan. Bilmaydiki, kezi kelsa, o‘sha ziqnalik bilan yiqqan puli bir kunda sarf bo‘lib ketishini.
Boy bo‘lish siri nimada?
Hayotda omadli insonlarga hamma havas qiladi, ularning qanday boyigani haqida ommaviy axborot vositalarida maqolalar chop etiladi. Ushbu maqolalar turli tillarga tarjima qilinib, ommaviy o‘qiladi. Sababi, hamma boy bo‘lishga, yaxshi yashashga intiladi. Boy bo‘lishning birinchi sharti ota-ona roziligini topish, ularning duosini olishdan iborat. Shuning uchun ham bizning ota-bobolarimiz azaldan ota-onaning hurmatini joyiga qo‘ygan. Qariganda G‘arb davlatlaridagi odamlardek yolg‘iz o‘zini bir uyda qoldirib, xotini, bolalari bilan alohida chiqib ketmagan. Ushbu an’ana asrlar davomida bizgacha yetib keldi va davom etmoqda.
G‘arb davlatlaridagi odamlarning oylik maoshi biznikidan ancha baland, hatto ularning bir oyda topadigan pulini biz bir yilda ham topa olmaymiz. Ammo ularning ko‘pchiligi ijara uylarda yashaydi. Bizda esa ozgina maosh bilan ham odamlar uy-joyli bo‘lishadi. Uzoqqa bormaylik, Rossiyada qariyalar yolg‘iz yashaydi. Farzandlari oila qurgach, hatto ijara uyga bo‘lsa ham ota-onasining uyidan chiqib ketadi.
Dunyoga mashhur futbolchi Krishtianu Ronaldu onasi bilan istiqomat qiladi. Uning mashhurligining siri ham ana shunda. G‘arb jurnalistlari futbolchiga “Nega onangiz bilan yashaysiz?”, deb savol berishgan. U futbol olamiga kirib kelishida ota-onasi unga yoshligidan madad bo‘lgani, hatto juda kambag‘al bo‘lsa-da, Krishtianuga onasi qimmat poyabzal sotib olib bergani, shuning uchun ham onasini yolg‘iz qoldirmasligini aytgan.
Ota-ona duosi hamma narsadan ustun
Kunlarning birida rosa to‘kilib qolgan eski taksiga chiqdim. Haydovchi “Voqea” surasini eshitib ketayotgan ekan. Yonidagi yigit: “Aka, “Voqea” surasining fazilatini bilasizmi?” deb so‘radi. Haydovchi bosh irg‘adi va “Voqea” surasi kambag‘allikdan qutqarar ekan, uni har kuni kechqurun o‘qigan kishi hecham muhtojlik ko‘rmas ekan. Shuning uchun ushbu surani har kuni eshitib yodlayapman. To‘la yod olishimga ozroq qoldi, ammo negadir haliyam ishim yurishmayapti”, dedi. Chidab turolmasdan, gapga qo‘shildim: “Ota-onangizni rozi qilganmisiz?”. Haydovchi biroz o‘ylanib, “ha”, deb javob berdi. Uning bu javobi “Nima edi?” degandek tuyuldi. Rizqdagi barakaning shartlaridan biri ota-onani rozi qilish ekanini aytdim. Nazarimda haydovchi o‘z xatosini tushunib yetdi.
Rizq avvaldan yozilganmi?
Hadislarda rizq Alloh tomonidan berilishi, har bir insonning rizqi ona qornidayoq yozib qo‘yilishi aytilgan. Shuning uchun ham insonlar rizqini ko‘paytira olmaydi, ammo barakali qila oladi, deyishadi. Rizqdagi barakaning yana bir sharti halollikda. Halol mehnat ortidan topilgan rizq barakali bo‘ladi. Aksincha, harom yo‘l bilan topilgan boylikda baraka bo‘lmaydi.
Yaqinda bir manbada o‘qib qoldim, bizning ota-bobolarimiz halollikka shunchalik e’tibor berganki, hatto betahorat pishirilgan taomni iste’mol qilmas ekan. Shuning uchun ham O‘rta Osiyodan ulug‘ allomalar – Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom A’zam, Alisher Navoiy, Abu Ali ibn Sino, Beruniylar dunyoga kelgan.
Shuningdek, birovning rizqini boshqa birov ololmaydi. “Karvon ko‘p, rizqi bo‘lak”, deb shunga aytishgan. Rizqingiz barakali bo‘lishini istasangiz, avvalo, ota-onangiz duosini oling. So‘ngra yolg‘on aralashtirmasdan, birovga zulm qilmasdan, halollik bilan kasbingizni astoydil ado eting. Topishingiz kam bo‘lsa ham Alloh barakasini beradi.
Xurshida Ernazarova.