Rossiyada qiyin ahvolda qolgan fuqaro O‘zbekistonga qaytarildi

R.A. 2020 yilning fevral oyida Rossiyaga vaqtinchalik ishlash uchun borib, hozirgi vaqtgacha qonuniy ishlagan.
Joriy yil iyun oyida ish jarayonida ehtiyotsizligi sabab baxtsiz hodisaga uchrab, og‘ir tan jarohati oladi va chap qo‘l barmoqlaridan ayriladi. Jarohat tufayli mehnatga layoqatsiz bo‘lib qoladi.
Rossiya Federatsiyasida davolanish uchun yetarlicha mablag‘i bo‘lmagan R.A. vatanga qaytish uchun yordam so‘rab Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Sankt-Peterburg shahridagi vakilligiga murojaat qiladi.
Vakillikning sa’y-harakatlari bilan R.A.ga Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan aviachipta olib berilib, Sankt-Peterburg – Toshkent yo‘nalishidagi aviareys orqali O‘zbekistonga qaytarildi.