Rossiyada polkovnik kir yuvish mashinasini pora sifatida olayotganida qo‘lga tushdi

Bosh shtab polkovnigi Ivan Mertvishchev poraxo‘rlik va tovlamachilikda ayblanib, sudgacha ikki oyni uy qamog‘ida o‘tkazadi, deb yozadi “Kommersant” gazetasi.

Ofitserni Ramenki birlashgan harbiy komissarligi komissaridan qimmatbaho kir yuvish mashinasini olayotganda Rossiya FSB xodimlari qo‘lga olgan.

Aytilishicha, komissarlikni tekshirishga mas’ul Mertvishchev harbiy komissarga o‘z qaramog‘idagi hududlarda chaqiriluvchilar qabuli yomon ketayotgani, hatto oxir-oqibat hammasi joyida bo‘lsa ham, bahona topishini aytgan. Polkovnik muammoni tinch yo‘l bilan hal qilishni taklif qilgan va kamida 70 000 rubl (1100 yevro) baholanadigan kir yuvish mashinasini talab qilgan.

Harbiy komissar Mertvishchevning taklifiga "rozi" bo‘lgan va FSBga tovlamachilik haqida shikoyat qilgan. Oradan bir necha kun o‘tib polkovnik pora olayotgan vaqtda qo‘lga olingan. Gazetaning yozishicha, FSB va tergov tomonidan to‘plangan dalillar bosimi ostida zobit o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘lgan.

Pora olgani uchun Mertvishchev 12 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.