Rossiyalik professordan murakkab jarrohlik amaliyotlari

Viloyat nogironlarni reabilitatsiya qilish markazida Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridagi R.R.Vreden nomli travmatologiya va ortopediya ilmiy-tekshirish instituti professori, tibbiyot fanlari doktori V.Usikov tomonidan bemorlarning tibbiy ko‘rigi va murakkab jarrohlik amaliyotlari o‘tkazildi.

Rossiyalik professor besh kun davomida 300 ga yaqin bemorlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, ularga maslahat va tavsiyalar berdi.

- Kuniga 30-35 nafar bemorni ko‘rikdan o‘tkazib, kunning ikkinchi yarmida operatsiya qilyapmiz, - deydi viloyat nogironlarni reabilitatsiya qilish markazi jarrohlik bo‘limi boshlig‘i Farhod Botirov. - Hozircha umurtqa pog‘onasi kasalliklari bo‘lgan to‘rt nafar bemorda jarrohlik amaliyotlari o‘tkazildi. Bemorlar o‘zlarini yaxshi his qilmoqda.

Ishtixondan kelgan bemor J.Norbekov bo‘yin umurtqasi sinishi bilan bir necha oylardan buyon to‘shakka mixlanib qolgan edi. Rossiyalik professordan tibbiy maslahat olgach, jarrohlik amaliyotiga rozi bo‘ldi.   

- Bu operatsiyalar juda murakkabligi bilan boshqalaridan farqlanadi, -deydi V.Usikov. – Amaliyotni o‘ta ehtiyotkorlik bilan amalga oshirish zurur. Mazkur muassasada mahoratli shifokorlar ko‘p ekan. Ular bilan hamkorlikda ishlab, ijobiy natijalarga erishayapmiz.

 Xorijlik shifokor mahalliy mutaxassislarga mahorat saboqlarini ham  o‘tmoqda.

Dilmurod TO‘XTAYeV.