Rostovdan O‘zbekistonga 918 nafar yurtdoshlarimizni olib kelish uchun poyezd yo‘lga chiqdi
Respublika maxsus komissiyasi tomonidan Rossiyaning Shimoliy Kavkaz va Janubiy federal okruglaridagi hamyurtlarimizni olib kelish uchun “Toshkent-Rostov-Don-Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha temir yo‘l reysni tashkillashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
O‘zbekistonning Rostov-Don shahridagi Bosh konsulxonasi bergan ma’lumotga ko‘ra, bugun mahalliy vaqt bilan soat 13:20 da 918 nafar yurtdoshlarimiz bilan poyezd “Pervomayskaya” stansiyasidan O‘zbekistonga jo‘nadi.
Vatanimizga qaytib kelganidan so‘ng O‘zbekiston fuqarolari Respublika maxsus komissiyasi tomonidan belgilangan talablarga qat’iy rioya qilgan holda karantinda bo‘lishlari shart.
Hozirda Respublika maxsus komissiyasi tomonidan O‘zbekiston fuqarolarini Vatanimizga tezroq qaytarish uchun Rossiyaning turli hududlaridan reyslarni ko‘paytirish, reyslar, jumladan temir yo‘l reyslarining yo‘nalishi va turlarini kengaytirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.