RTTYM Samarqand viloyati filialiga 15 ta zamonaviy tez tibbiy yordam mashinalari topshirildi
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan marosimda viloyat hokimining o‘rinbosari X.Ochilov, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i S.Zayniyev ishtirok etib, yurtimiz tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayoni, xususan, tez tibbiy yordam sifatini oshirish borasida olib borilayotgan o‘zgarishlar natijasida tizim bugungi kun talabiga mos darajaga ko‘tarilayotganligini ta’kidladi.
Belgilangan bekatlar haydovchilariga zamonaviy tez tibbiy avtomashinalari kalitlari tantanali topshirildi.
- Prezidentimizning tegishli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligining sa’y-harakatlari bilan filialimizga yana 15 ta zamonaviy tez tibbiy xizmat avtomashinlari topshirildi, - deydi Respublika tez tibbiy yordam markazi Samarqand viloyati filiali direktori o‘rinbosari Bekzod Elchiyev. – Shu kungacha qaror asosida filialimizga 52 ta yangi zamonaviy avtomashinalar topshirilgandi. Bugungi kunda avtogarajimiz 440 tadan ortiq avtomashinalarga xizmat ko‘rsatib kelyapti. Shulardan 70 foizini yangi avtomashinalar tashkil qiladi. Belgilangan chora-tadbirlarga asosan 2025 yilda yana 50 ta zamonaviy avtomashinalar olib kelinadi va 2026 yildan barcha tez tibbiy avtomashinalarimizni zamonaviylariga almashtirish jarayoni to‘liq yakunlanadi. Ta’kidlash joizki, davlatimiz rahbarining topshirig‘iga asosan filialimizda ham Toshkent shahri misolida markazlashgan Call-markazi tashkil qilinib, tez tibbiy yordam to‘liq markazlashgan holda amalga oshirib kelinmoqda. Sohada amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida markazimiz tibbiy uskunalari, texnikalari zamon talablariga mos holatga keltirilib, tibbiy xizmat sifati ham mos ravishda rivojlanmoqda.
Respublika tez tibbiy yordam markazi viloyat filialiga topshirilgan zamonaviy tez tibbiy avtomashinalar Samarqand ahliga xizmat ko‘rsatishga yo‘l oldi.