Ruminiyalik olimlar nega Samarqand veterinariya meditsinasi instituti bilan hamkorlik qilishni tanladi?

Ruminiyaning qishloq xo‘jalik fanlari va veterinariya meditsinasi universiteti professori Nas Vesile Lusian, mazkur universitetning xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektori Andrei Daniyel Mixalka, shuningdek, Erasmus+ dasturi koordinatori Oras Simona Samarqand veterinariya meditsinasi institutiga keldi.

Ushbu universitet Yevropadagi nufuzli oliy o‘quv yurtlari top-1000 taligidan joy olgan. Uchrashuvda xalqaro ilmiy loyihalarni hamkorlikda amalga oshirish, yo‘lga qo‘yilgan almashinuv dasturlari (talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi)ni yanada kengaytirish, xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar tashkil etish va hamkorlik aloqalarini mustahkamlash bo‘yicha ikki tomonning fikr-mulohazalari va takliflari eshitildi. Kelgusida hamkorlik aloqalarini kengaytirishga kelishib olindi.

Eslatib o‘tamiz: 2019 yilda Samarqand veterinariya meditsinasi instituti bilan Ruminiyadagi Kluj-Napoka qishloq xo‘jalik fanlari va veterinariya meditsinasi universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangan edi. Ayni kunda Kluj-Napoka Qishloq xo‘jalik fanlari va veterinariya meditsinasi universitetida Samarqand veterinariya meditsinasi institutining 2 nafar magistri ta’lim olmoqda.

Samarqand veterinariya meditsinasi instituti axborot xizmati.