Rustamjon Bosh vazir o‘rinbosaridan kitobga dastxat oldi

Samarqand tumanida yashovchi Rustamjon Ahrorqulov ikki yil avval “Yosh kitobxon maskani”ni tashkil etgan, shu yil mart oyidan esa “Dastxatli kitoblar kutubxonasi” loyihasini amalga oshirishni boshlagan edi.

Yosh kitobxonlar uchun taniqli shaxslar, muallif tilaklari bitilgan kitoblarning qadri baland bo‘ladi, deb hisoblaydigan qahramonimiz yaqinda Bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayevdan ko‘pchilik sevib o‘qiydigan badiiy kitobga dastxat yozdirdi.

- Loyihaning maqsadi dastxat qo‘yilgan kitoblardan iborat kutubxona yaratish, - deydi loyiha muallifi Rustamjon Ahrorqulov. - Loyihada o‘tmishdan to bugunga qadar ota-bobolarimiz, ustozu yo‘lboshchilarimiz, ayniqsa ideal shaxs deb bilgan kishilarimiz tomonidan keyingi avlod uchun qoldirgan nodir asarlarni yig‘ish, ma’naviy ozuqa sifatida innovatsion usullar yordamida yoshlarimizga tortiq qilish maqsad qilingan. Har bir insoning kasbu koridan qat’iy nazar yoshligidan tasavvurida o‘zi sevadigan ideal shaxsi yo havas qiladigan kishisi bo‘ladi. U muxlis o‘laroq unga o‘xshashga intiladi, o‘z navbatida albatta undan dastxat va tilaklar yozilgan kitob olishni xohlaydi, tabiiyki ushbu kitob qaysi mavzu yo yo‘nalishda yozilgan bo‘lmasin uni kitobni o‘qishga undaydi. Loyiha biz bilmagan lekin bizga muxlis bo‘lgan insonlarni hayot yo‘lini topishi, o‘z oldiga qo‘ygan maqsadiga erishishi uchun turtki bo‘ladi, deb o‘ylayman.

Yaqinda Samarqand shahridagi yoshlar markazida Bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev hamda O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev samarqandlik yoshlar bilan ochiq muloqot tashkil qildi. Uchrashuvda tuman va shaharlardan tashrif buyurgan tashabbuskor yoshlar qatorida Rustamjon Ahrorqulov ham ishtirok etdi. U ishtirokchilarga o‘z loyihasi haqida qisqa, lo‘nda qilib gapirib berdi. Loyiha Bosh vazir o‘rinbosari va O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi direktoriga ma’qul bo‘ldi.

Shundan so‘ng Rustamjon o‘zining kutubxonasi uchun Bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev tomonidan dastxat va tilak yozilgan kitoblarga ega bo‘ldi.

To‘lqin Siddiqov.